Surxondaryoda yangi bog‘lar bo‘y ko‘rsatmoqda
Surxondaryo viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekib, bog‘ yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu kungacha bo‘sh maydonlar, ariq, yo‘l va ko‘cha bo‘ylariga 6 million 714 ming tup mevali, manzarali daraxt ko‘chati o‘tqazildi.

Loyihada faol ishtirok etayotgan Oltinsoy tumani ko‘ngillilari Mo‘minqul mahallasidagi bo‘sh yerda 10 gektar maydonda “Yangi O‘zbekiston” yashil bog‘i barpo etishga bag‘ishlangan hashar uyushtirdi.
Hasharda mahalliy davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahallalar faollari, ko‘ngilli nuroniylar va yoshlar ishtirok etdi.

Shu kuni mavjud maydon chetlari tartibga keltirilib, ikki qator turli daraxt qalamchalari qadaldi. Besh ming tup turli mevali daraxt ko‘chati, 60 ming donadan ortiq qurilishbop daraxt qalamchasi qadaldi. Yangi bog‘ boshida 300 tonna sig‘imga ega suv havzasi ham qazildi. Bu yerda bo‘y cho‘zayotgan daraxt ko‘chatlariga ob-hayotni tejaydigan tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etiladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasining bahorgi mavsumida viloyatda 10 million 25 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chati o‘tqaziladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri