Surxondaryoda xorijning Arundo o‘simligi parvarishlanadi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bugun Vengriyaning “Agrometal” kompaniyasi O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Oleg Volovikni qabul qildi. Uchrashuvda “Agro Protsessing Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi Ramazon Po‘latov ham ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyatida biznes yuritish uchun yaratilgan qulay muhit, hududning yerosti va yerusti tabiiy boyliklari, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda mavjud imkoniyatlar nafaqat mamlakatimizning yirik sarmoyadorlari, balki xorijlik salohiyatli investorlarda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Uchrashuvda Vengriya kompaniyasi vakili janubdagi vohaning foydalanilmayotgan maydonlarida Arundo (tez o‘suvchi qamish) o‘simligini yetishtirib, undan yoqilg‘i, chorva mollariga ozuqa hamda cho‘llanishlarning oldini olish maqsadida foydalanish taklifini ilgari surdi. Xorij kompaniyasining echki junini qayta ishlash orqali granula tayyorlash, qishloq xo‘jaligi uchun sho‘rlangan suvlarni tozalab foydalanish, suvsizlikka chidamli cho‘l o‘simliklarini ekib, yashil maskanlar barpo etish loyihalari ham ko‘rib chiqildi.

Ayni paytda “Pomir agro klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyati Muzrabot tumanida Vengriyaning “Agrometal” kompaniyasi hamkorligida sut mahsulotlarini qayta ishlaydigan zamonaviy loyihani amalga oshirish yuzasidan tegishli ishlarni olib bormoqda. Muloqot chog‘ida yangi korxonani barpo etish masalasi ham atroflicha muhokama etildi.
Viloyat hokimi uchrashuvdagi takliflarni qo‘llab-quvvatlab, mutasaddilarga xorij kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlarni boshlash yuzasidan aniq vazifalarni belgilab berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri