Joriy yilning 24-26 mart kunlari Surxondaryo viloyati Termiz tumanida joylashgan Qorabayr otlari mahorat maktabida uloq-ko‘pkari bo‘yicha xalqaro turnir o‘tkaziladi.
Bugun, 17 mart kuni Sportni rivojlantirish vazirligida O‘zbekistonda ilk bor tashkil etilayotgan mazkur musobaqani yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitaning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda aloqador vazirlik va idora mutasaddilari qatnashib, xalqaro turnirni yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq vazifalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari Sarvar Mamayusupov xalqaro turnir ahamiyati haqida so‘z yuritib, musobaqalarda xorijiy davlatlarning 120 nafarga yaqin chavandozlari qatnashishi kutilayotganligi, ularni kutib olish, joylashtirish, xalqaro turnir jarayonida turli ko‘rgazmali chiqishlar, uloq-ko‘pkari bo‘yicha konferensiya tashkil etish to‘g‘risida so‘z yuritdi.
O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi raisi o‘rinbosari Erkin Abzalov xalqaro turnirda mamlakatimizdan 4 ta, xorijiy davlatlardan 6 taga yaqin jamoalar qatnashish bo‘yicha ilk talabnomalarni taqdim etganligi, musobaqalarni aldolatli boshqarib borish uchun hakamlar belgilanayotgani borasida axborot berib o‘tdi.
Bildirilgan fikrlardan kelib chiqib, mamlakatimizning xalqaro imijini yuksaltirishga hissa qo‘shadigan ushbu tadbirni yuqori darajada tashkil etish xususida tegishli qarorlar qabul qilindi. Daxldor tashkilot mutasaddilariga zarur ko‘rsatmalar berildi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA