Boysun tumanida zamonaviy uslubda qurilgan, o‘ziga xos innovatsion yechimga ega “Iste’molchilar uyi” ma’muriy majmuasi ochildi.
Binodagi “Iste’molchi kutubxonasi” fondidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va iste’molchilik sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar, siyosiy-iqtisodiy qo‘llanmalar, olti mingdan ortiq ma’rifiy, badiiy, ilmiy ommabop kitoblar, mamlakatimizda nashr etiladigan qiziqarli ijtimoiy-siyosiy gazeta-jurnallar o‘rin olgan.

Yangi binoda huquqiy savodxonligini oshirmoqchi bo‘lgan iste’molchilar O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiya hamda Toshkent davlat yuridik universiteti hamkorligida ishlab chiqilgan 16 turdagi yuridik adabiyotlardan ham foydalanishi mumkin. Kutubxona 100 ming dona elektron kitob fondiga ham ega. Iste’molchilarning murojaat va arizalari ham shu yerning o‘zida qabul qilinadi. Binoda zamonaviy “Book cafye” va bepul Wi-fi tizimi xizmat ko‘rsatadi. Internet orqali zarur adabiyotlarni topish va xarid qilish imkonini beruvchi “eReader” elektron o‘quv qurilmasi o‘rnatilgan. Shuningdek, xotin-qizlarni bepul chevarlikka o‘rgatish markazi, o‘quv to‘garagi hamda hudud sektori qabulxonasi joylashgan.

Tog‘li tumanda bunyod etilgan zamonaviy yangi inshoot yosh avlodning ma’naviy tafakkurini boyitish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish hamda ularning salohiyati va iste’dodini kashf etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi tomonidan joylarda tashkil etilayotgan “Iste’molchilar uyi” hamda “Iste’molchi kutubxonasi” loyihasi jamiyatda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirib, Prezidentimiz ilgari surgan beshta muhim tashabbusni hayotga keng joriy etishda muhim omil bo‘lmoqda.

Loyiha doirasida Surxondaryo viloyatining Uzun tumani va Sharg‘un shaharchasida ham barcha sharoitlar ega “Iste’molchi uyi” barpo etilib, foydalanishga topshirilgan edi. Ayni paytda mamlakatimizning Oltiariq, Qiziltepa, Rishton, Dehqonobod, To‘raqurg‘on, Izboskan, Yangibozor, Farg‘ona, Marg‘ilon kabi shahar va tumanlarida qad rostlagan barcha qulayliklarga ega 19 ta ko‘rkam va shinam majmualar aholiga sifatli xizmat ko‘rsatmoqda.
Yangi yilgacha yana yurtimizda to‘rtta ana shunday ma’naviyat va ma’rifat maskani ishga tushirilib, yuzga yaqin yigit-qizning bandligi ta’minlanadi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA