Yakunlanayotgan yil oramizdagi ijtimoiy yordamga muhtoj insonlar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bor shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy holatini o‘zgartirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar va ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan g‘amxo‘rliklar bilan ham yodda qolmoqda.
Bunday ezgu amalni bajarayotgan Ijtimoiy himoya milliy agentligining mahallalardagi xodimlari ularga keys menejment asosida xizmatlar ko‘rsatib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qalbiga mehr-oqibat nurlarini sochdi. Ko‘ngillariga quvonch ulashdi.
Yangi yil eshik qoqib, soha va tarmoqlar o‘z faoliyatini sarhisob qilayotgan bir paytda Surxondaryo viloyatida keys menejment asosida xizmatlar ko‘rsatishda amalga oshirilgan ishlar bilan qiziqdik.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining Surxondaryo viloyati boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ortda qolayotgan yilda mahallalardagi ijtimoiy xodimlar 8 ming 748 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga keys ochib, muammolarini o‘rgandi.
Yilning o‘tgan davrida keys ochilgan oilalarning 8 ming 330 tasida baholash yakunlanib, 8 ming 16 tasida birlamchi, 314 tasiga kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

– Mahallalardagi ijtimoiy xodimlar o‘z hududida qiynalgan insonlarga har taraflama yordam ko‘rsatib, ijtimoiylashuvini ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhiddin Tog‘ayev. – Oiladagi bir kishining mushkulini yengillatish, hayotda duch kelgan muammosini yechish bilan butun oilaga quvonch bag‘ishlamoqda. Ularning kelajakka ishonchini oshiryapti.
Viloyatda ijtimoiy ko‘makka ehtiyoj sezgan insonlar uchun nisbatan yangi xizmat turi ¬ keys-menejment usuli oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, ular ehtiyojlarining yaxlit ko‘rinishini va boshqa xizmatlar bilan bog‘lanishini ta’minlayotir. Ayollar, bolalar va oilalar duch kelgan turli muammolarni hal etish uchun ijtimoiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Nogironligi bo‘lgan shaxslar turli usullarda qo‘llab-quvvatlanmoqda. Har xil xizmatlar taqdim etilmoqda. Masalan, Angor tumanining Kayran mahallasidagi ijtimoiy xodim Muhriddin Bekkamov hudud aholisining ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash uchun o‘ndan ortiq keys ochib xizmat ko‘rsatmoqda.

Ijtimoiy xodim o‘rganishlari chog‘ida mahalladagi Ma’rifat Ataqulovaning surunkali kasalligi borligi aniqlandi. Tushkun kayfiyatda bo‘lgan onaning sog‘ligini tiklash, uy-joyini ta’mirlash uchun mablag‘ zarurligi ma’lum bo‘ldi. Keys-menejment asosida aniqlangan muammolarini hal etish uchun “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasidan pul ajratishga ko‘maklashdi. Voyaga yetmagan ikki farzandi bolalar nafaqasi tayinlandi. Ko‘rsatilgan bu g‘amxo‘rliklar onaning har bir inson davlat e’tiborida ekaniga ishonchini, sog‘ligiga e’tiborli bo‘lishga, hayotga intilishini kuchaytirishga undadi.
Viloyat mahallalarida 700 dan ortiq ijtimoiy xodim xizmat ko‘rsatmoqda. Ular hududlarda og‘ir ijtimoiy holatga tushgan va tushish xavfi bo‘lgan aholi bilan manzilli ishlab, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini tahlil qilmoqda. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlab, ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash uchun ma’lumotlarni taqdim etishga e’tibor qaratmoqda. Uyma-uy yurib, o‘rtaga tashlanayotgan masalalarni hal etish yo‘llarini izlayapti. Lozim bo‘lganda keys-menejment asosida o‘rganib, ko‘maklashish choralarini ko‘rmoqda.
Ayni paytda o‘zini hamisha el orasida, deb biladigan ijtimoiy xodimlar yangi yilda o‘z hududlarida amalga oshiradigan ishlarni, xayrli amallarni rejalashtirib olish uchun mahallalarda o‘rganishni davom ettirmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilayotgan islohotlarning amaldagi ifodasidir.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri