Surxondaryoda pilla topshirish boshlandi
Angor tumanida yetishtirilgan pilla hosili “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyatining qabul maskaniga peshma-pesh yetkazib berilmoqda.
Joriy yil hosili uchun angorlik pillakorlar 3 ming 58 quti ipak qurtini parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi. Shu kunlarda hosil uyushqoqlik bilan yig‘ib olinmoqda.

– Pillachilik ham qo‘shimcha daromad manbai, – deydi pillakor Dilafro‘z To‘rayeva. – Bu yil 4 quti ipak qurtini oilaviy parvarishlab, salmoqli hosil to‘pladik. Shu kunlarda sifatli xom ashyoni qabul punktiga yetkazib beryapmiz.

Viloyatning Muzrabot tumanida ham pilla topshirish qizg‘in pallaga kirdi. Bahor faslida tumandagi “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati, 319 ta fermer xo‘jaligi va ko‘ngilli aholi xonadonlarida mahalliy iqlimga mos 2 ming 754 quti ipak qurti boqildi. Ayni paytda pillakorlar bir quti ipak qurtidan o‘rtacha 60-65 kilogrammdan hosil yig‘ib olmoqda.

Bu yil bahorgi mavsumda Angor tumani pillakorlari 184 tonna, muzrabotliklar 165 tonnadan ortiq xom ashyo topshiradi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida parvarishlanayotgan 38 ming 100 quti ipak qurtidan qabul maskanlariga 2 ming 286 tonna sanoat uchun qimmatbaho pilla xom ashyosi topshirish mo‘ljallanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri