Yer-davlat mulki.
Uning har qarichidan avaylab-asrab oqilona foydalanish yer to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida alohida belgilab qo‘yilgan. So‘nggi yillarda yer to‘g‘risidagi qonun buzilish holatlarining oldini olish yuzasidan joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotgan, yerlarni qonunga zid egallash bo‘yicha nazorat kuchaytirilayotgan bo‘lsa-da, ayrim shaxslarning yer bilan bog‘liq g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etayotgani achinarlidir.
Surxondaryo viloyatida ham yer maydonlarini noqonuniy egallab olishga urinayotgan shaxslarga sud organlari orqali qonuniy chora ko‘rilmoqda. Ruxsatsiz barpo etilayotgan qurilmalar sudlarning tegishli qarorlari asosida majburiy ijroga qaratilib, buzilmoqda. Amaldagi qonunchilikka zid egallangan yer maydonlari unga davlat tomonidan egalik huquqi berilgan xo‘jalik yurituvchi subektlarga qaytarilayotir.
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, boshqarma va uning hududiy bo‘limlari joriy yilning o‘tgan davrida noqonuniy qurilmalarni buzishga oid 460 ga yaqin ijro hujjatini ish yurituvdan tamomladi. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligi ekinlariga mo‘ljallangan suvli yerlarda o‘zboshimchalik bilan noqonuniy qurilgan 170 ga yaqin ob’ekt majburiy tartibda buzilib, ijrosi ta’minlandi.
Masalan, fuqarolik ishlari bo‘yicha Sherobod tumanlararo sudi tumanning Navbur mahallasidagi “Sherobod Agro pilla” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli yer maydonlarini noqonuniy o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslardan qaytarish haqida qaror qabul qilgan.
Mazkur qaror asosida MIB Sherobod tuman bo‘limi xodimlari ijro harakatlarini amalga oshirib, 145 kvadrat-metr maydondagi noqonuniy qurilgan o‘nta ob’ektni majburiy tartibda buzdirib, yerni mas’uliyati cheklangan jamiyat ixtiyoriga olib berdi.
–Yana ushbu hududda o‘zboshimchalik bilan qurib olingan 7 ta xonadon egasiga yer to‘g‘risidagi qonunning mazmun-mohiyati chuqur tushuntirilib, qurilmani o‘z hisobidan buzib olishi uchun qo‘shimcha ixtiyoriy muddat belgilab berildi, – deydi MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi mas’ul xodimi Q.Tursunov. – Ular belgilangan muddatda binoni buzib olmasa, majburiy ijro harakatlari olib borilishi tushuntirildi. Agar bu uy-joylar o‘zboshimchalik bilan emas, aksincha amaldagi qonun talablari doirasida barpo etilganida bu kabi tashvish va dilxiraliklarga duch kelinmagan bo‘lar edi.
Qonunlar ustuvorligi ta’minlanayotgan mamlakatimizda yerlarni o‘zboshimchalik bilan o‘zlashtirishga, talon-taroj qilishga aslo yo‘l qo‘yilmaydi. Yer maydonlari bilan bog‘liq munosabatlar shaffoflik, tenglik va adolat tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA