Surxondaryoda o‘rmon yong‘inlariga qarshi amaliy mashg‘ulot tashkil etildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida o‘rmon hududlarida yuz berishi ehtimol tutilgan yong‘inlarning oldini olish, shuningdek, favqulodda holatlarda turli kuch tuzilmalari o‘rtasidagi o‘zaro harakatlarni yaxshilash maqsadida taktik-amaliy o‘quv tashkil qilindi.
Ushbu tadbir Termiz garnizoni yong‘in nazorati inspeksiyasi tomonidan Sherobod tumanidagi tog‘li hududda uyushtirilib, unda turli kuch tuzilmalarining harbiy xizmatchilari qatnashdi.
Mashg‘ulotning nazariy qismi davomida qatnashchilarga yong‘in yuz bergan joyda tezkor harakatlanish, uni eng qisqa fursatda bartaraf etish va xavfsizlik talablariga amal qilish borasida zarur tushuntirishlar berildi.
[gallery-30537]
Amaliy qismda esa yong‘in o‘chirish mashinalari bemalol kira olmaydigan tog‘li joylarda yong‘inni yo‘qotishning o‘ziga xos usullari amalda sinab ko‘rildi. Buning uchun maxsus rezinadan tayyorlangan suv omborlari o‘rnatilib, tog‘ soyidan nasos yordamida suv bilan to‘ldirildi. So‘ngra bu suv alohida idishlarga quyilib, uzoqdan boshqariladigan «Karcher» uskunasi vositasida shartli yong‘in bartaraf qilindi.
O‘quv davomida turli kuch tuzilmalari orasidagi hamjihatlik, harbiy xizmatchilarning favqulodda holatlarda tezkor va muvofiqlashgan tarzda harakat qilish malakalari, shuningdek, yong‘inga qarshi texnik vositalardan unumli foydalanish ko‘nikmalari yaxshilandi.
Bunday tadbirlar tabiiy yong‘inlarning oldini olishga, aholi hamda ekologiya xavfsizligini ta’minlashga, shuningdek, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini yuksaltirishga ko‘maklashadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA