Surxondaryoda muddatidan oldin ovoz berilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 9-Surxondaryo okrug saylov komissiyasi hududidagi saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi.
Saylov kodeksida saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqiga ega ekani alohida belgilab qo‘yilgan. Shunga muvofiq Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 5 oktyabrdagi qarori bilan 14-20 oktyabr kunlari mamlakatimizdagi barcha saylov uchastkalarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi uchun muddatidan oldin ovoz berish belgilandi.

Viloyatda mavjud 860 ta saylov uchastkasida saylovni ochiq-oshkora, umume’tirof etilgan tamoyillar asosida o‘tkazish uchun barcha sharoit yaratilib, shay holatga keltirildi. Milliy qonunchiligimiz doirasida jihozlandi. Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, mamlakatimizda belgilangan karantin qoidalariga qatiy rioya etish choralari ko‘rildi.

Muddatidan oldin ovoz berish boshlangan ilk kunda Termiz shahridagi 241-saylov uchastkasiga uch nafar saylovchi murojaat etib, o‘z xohish irodasini erkin ifoda etish istagini bildirdi.

–Tibbiy ko‘rikdan o‘tib, sog‘ligimni tiklash uchun poytaxtga borishni rejalashtirib qo‘ygan edim, – deydi Yulduz mahallasida yashaydigan mehnat faxriysi Panji Berdiyev.– O‘ylab ko‘rsam, joriy yilning 24-oktyabr kuni ham Toshkent shahrida bo‘lar ekanman. Bugundan muddatidan oldin ovoz berish boshlanayotganidan xabar topib, fuqarolik burchimni bajarish uchun saylov uchastkasiga keldim. Ariza bilan murojaat etdim. O‘zim tanlagan nomzodga emin-erkin ovoz berdim. Endi ko‘nglim xotirjam yo‘lga chiqaman.
Mazkur saylov uchastkasida 1 ming 454 saylovchi ruyxatga olingan. Ularning 30 nafari nogironligi bor bir nafari yuz yoshdan oshgan fuqarolar va 16 nafari ilk marta saylovda qatnashayotgan yoshlardir. Saylov uchastkasi joriy yilning 24-oktyabr kuni yashash manzilida bo‘lmaydigan fuqarolarning muddatidan oldin ovoz berishi uchun shay holatga keltirilgan.

–Uzrli sabablarga ko‘ra, saylov kuni o‘z yashash manzilida bo‘lmaydigan saylovchilarimiz bugundan kelib, o‘zlari tanlagan nomzod uchun muddatidan oldin ovoz berishni boshladi, – deydi Termiz shahridagi 241-uchastka saylov komissiyasi raisi Gulchehra Boboyeva. – Dastlabki uch nafar saylovchimiz siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida muddatidan oldin ovoz berdi. Blyuttenlarini konvertga joylab bergach, komissiya a’zolari imzosi qo‘yilib, saylov uchastkasi muhri bosildi va maxsus seyfga solib qo‘yildi.
Bugun shuningdek, Termiz davlat universiteti axborot-resurs markazi bo‘lim mudirasi Aziza Ashirmamatova, shahardagi 15-umumta’lim maktabi direktorining o‘rinbosari Odil Eshboltayevlar ham 241-saylov uchastkasiga kelib, Vatanimizning ertangi kelajagi uchun muddatidan oldin ovoz berdi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA