Surxondaryo viloyatidagi 15 ta o‘zini o‘zi boshqarish organida namunali tarzdagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi bo‘lib o‘tdi.
Boysun tumanidagi olis Duoba mahallasida bo‘lib o‘tgan saylovda ikki nomzod o‘z dasturi bilan ishtirok etdi.
Mahallada 2 ming 613 kishi yashaydi. Ishchi guruh a’zolari 1 ming 575 nafari saylov yoshiga yetgan va saylash huquqiga ega fuqarolardan 189 nafar vakilni saylagan.

Mahalladagi 17-maktabda o‘tkazilgan saylovda 160 dan ortiq vakil ishtirok etib, nomzodlarning dasturlarini tingladi. Milliy qonunchiligimizga muvofiq ochiq, shaffof yashirin ovoz berish jarayonida 135 nafar saylovchi Tillo Nizomov nomzodini qo‘llab-quvvatlab, mahalla raisi lavozimiga sayladi.

– Bu yilgi mahalla raisi saylovi yangi mezonlar asosida o‘tkazildi, – deydi shu mahallada yashaydigan 85 yoshdagi mehnat faxriysi Muhammadi G‘iyosov. – Nomzodlar o‘z dasturlari bilan qatnashgani bo‘lg‘usi raisning vazifasiga qanday tartibda yondashayotganini namoyish etdi. Mas’uliyat hissini kuchaytirdi. Ilgari mahalla raisi saylovida bunaqa talablar yo‘q edi. Bularning barchasi mamlakatimizda mahallalarga qaratilayotgan e’tibor va aholining yanada osuda, to‘kin turmushini ta’minlash yo‘lida ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar ifodasidir.

Tumanda 39 ta mahalla fuqarolar yig‘ini mavjud. Belgilangan tartibga ko‘ra, ularda may-iyun oylarida mahalla raisi saylovi bosqichma-bosqich o‘tkaziladi.
Angor tumanidagi “Yuqori Xo‘jaqiya” mahalla fuqarolar yig‘ini saylovida ham ikki nomzodning dasturi eshitildi. Saylash vakolatiga ega 220 vakilning 215 nafari qatnashib, mahallaning kelgusidagi besh yillik rivojlanishi uchun ovoz berdi va amaldagi rais Bektosh Hasanov “Yuqori Xo‘jaqiya” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi.

Shu kuni saylov bo‘lib o‘tgan 10-maktabda “O‘zim o‘qigan maktabimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi o‘tkazildi. A’lo baholarga o‘qiyotgan, turli tanlovlarda g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarning ota-onalariga tashakkurnoma topshirildi. Qiziqarli sport musobaqalari tashkil etildi.
Termiz shahri va tumanlarda bo‘lib o‘tgan mahalla raislarining namunali saylovlarini mahallalardagi ishchi guruhlar raislari kuzatib, ko‘nikmalarini yanada mustahkamladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri