Ma’lumki, Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan “Ibrat farzandlari” loyihasi xorijiy tillarni bepul, sodda va kreativ usulda o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan. Loyiha doirasida professional ustozlar tomonidan 13 til bo‘yicha 22 turdagi tizimli va “0”dan boshlangan darslar majmuasi ishlab chiqilgan. “Ibrat farzandlari” bilan turli tillar bo‘yicha bilimlarni qisqa muddat ichida komfort zonadan turib egallash mumkin. Loyiha barcha uchun teng ravishda istalgan joyda, istalgan vaqtda bepul til o‘rganish imkonini yaratdi.
“Ibrat farzandlari” qisqa vaqt ichida YouTube’da qariyb 4 mingdan ortiq o‘rganuvchiga ega bo‘ldi. Sahifada e’lon qilingan darslarning umumiy ko‘rishlar soni 12 milliondan oshdi.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, mamlakatimizda yoshlar o‘rtasida chet tilini rivojlantirish muhim va bu yo‘nalishda bepul onlayn darslarga talab yuqori.

Shunga ko‘ra, Surxondaryo viloyatida ham “Ibrat farzandlari” maktabi o‘z ishini boshladi. Marosimda loyiha rahbari Rustam Qoriyev, xalqaro toifadagi rus va turk tili o‘qituvchilari, viloyatda tashkil etilgan xorijiy tillarga mo‘ljallangan 20 dan ortiq o‘quv markazlari murabbiy va o‘quvchilari hamda yoshlar ishtirok etdi.
“Ibrat farzandlari” maktabidagi darslar til o‘rganish istagida bo‘lgan barcha fuqarolar uchun mutlaqo bepul. Bundan tashqari xorijiy tillarni “lbrat Academy” mobil ilovasi va YouTube kanali orqali onlayn o‘rganish imkoniyati mavjud.


Mazkur loyiha mamlakatimizning chekka hududlaridagi iste’dodli yoshlarga, moliyaviy tomondan imkoniyati cheklangan, lekin chet tillarini o‘rganishga ishtiyoqi baland o‘quvchilarga ham xorijiy tillarni o‘rgatish, ularning tillar bo‘yicha savodxonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA