Joriy yilning 21 dekabr kuni Sariosiyo tumanining Sebzor mahallasida “To‘palang fish”, deb nomlangan baliqchilik festivali bo‘lib o‘tadi.
Surxondaryo viloyatida ilk marta o‘tkazilayotgan festival tarmoqni yanada rivojlantirib, gastronomik turizmning mazkur yo‘nalishiga sayyohlar oqimini keng jalb etishga, xalqimiz azaldan luqmai halol, deb e’zozlaydigan baliq yetishtirish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishga xizmat qiladi.
Sariosiyo tumanida baliqchilikni yetakchi tarmoqlardan biriga aylantirish rejalashtirilgan. Tog‘ irmoqlaridan hosil bo‘lgan “To‘palang” daryosi o‘zining noyob forel baliqlari bilan tanilgan.
Viloyat hokimligi va turizm boshqarmasi hamkorligida tashkil etilayotgan festivalga puxta hozirlik ko‘rilmoqda. Mohir baliqchilar, oshpazlar o‘z mahoratini keng namoyish etishi uchun Termiz shahri va tumanlar pavilonlari barpo etilib, tadbir ishtirokchilariga zarur sharoit yaratilmoqda.
Festival dasturidan baliqdan tayyorlangan turli taomlar namoyishi, viloyatdagi o‘rmon xo‘jaliklari, tabiat bog‘lari va suv omborlarining baliqchilik ko‘rgazmalari, savdo yarmarkalari o‘rin olgan. Shuningdek, “Eng yaxshi oshpaz”, “Eng shirin baliqli taom” kabi yo‘nalishlarda tanlov tashkil etilib, g‘oliblar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
Festival san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi bilan yakunlanadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri