Termiz shahridagi muhtasham Sanat saroyida “Prezident archasi” bayram shodiyonasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, mustaqillik yillari Vatanimiz tinchligi, yurtimiz osayishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning uch yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlari, jurnalistlar ishtirok etdi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov so‘zga chiqib, bolajonlarni yangi yil bayrami bilan tabriklab, ularga Prezident sovg‘alarini topshirdi.
[gallery-15279]
Mamlakatimizda farzandlarning hech kimdan kam bo‘lmay yashab, ulg‘ayishi, ta’lim-tarbiya olib, Vatanga munosib insonlar bo‘lib kamolga yetishi uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Yangi yil arafasida Prezidentimiz sovg‘alari topshirilishi ham bolajonlarga bir olam quvonch ulashib, ularning qalbini mehr-oqibat nuri bilan yoritmoqda.
Chiroyli bezatilgan archa atrofida bo‘lib o‘tgan bayram tadbiri Qorbobo, Qorqiz va bolajonlarning qiziqarli yangi yil dasturi bilan yanada fayzli kechdi.
Viloyatda tashkil etilgan “Prezident archasi” bayram tadbirlarida 624 nafar bolajon davlatimiz rahbarining sovg‘alarini qabul qilib oldi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri