Surxondaryoda 37 mingdan ziyod o‘quvchi fan olimpiadalarida bellashmoqda
Surxondaryo viloyatida umumta’lim maktablarining 9–11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida asosiy fan olimpiadalarining ikkinchi – tuman (shahar) bosqichi qizg‘in davom etmoqda.
Viloyatning 15 ta tuman va shahrida tashkil etilgan bilimlar bellashuvida jami 37 ming 764 nafar o‘quvchi o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazmoqda.
Olimpiada 10 ta hududda onlayn, 5 tasida esa oflayn shaklda o‘tkazilyapti. Belgilangan tartibga ko‘ra, sinovlar uch smenada tashkil etilgan. Birinchi smenada 9-sinf o‘quvchilari soat 09:00 dan 10:00 gacha, ikkinchi smenada 10-sinf o‘quvchilari soat 12:00 dan 13:00 gacha, uchinchi smenada esa 11-sinf o‘quvchilari soat 15:00 dan 16:00 gacha test topshiriqlarini bajarmoqda.
Bilimlar bellashuvining adolatli va shaffof o‘tishini ta’minlash, ishtirokchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilgan. Olimpiada o‘quvchilarning fanlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularning bilim va iqtidorini namoyon etish, iste’dodli yoshlarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-32030]
Asosiy fan olimpiadalarining tuman (shahar) bosqichi belgilangan reja-jadval asosida 27-oktabrga qadar davom etadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA