Surxondaryoda “35 yilga 35 ko‘chat” aksiyasi boshlandi
Vazirlar Mahkamasining joriy yil 31-martdagi “Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq kutilmaganda yuz beradigan shamol ta’sirini kamaytirish uchun viloyatning Angor va Termiz tumanlaridagi yirik maydonlarda “yashil belbog‘”lar tashkil etilmoqda.
“Afg‘on shamoli” bilan tanilgan janubdagi viloyatda so‘nggi yillarda tevarak-atrofni yashillikka burkashga ilmiy asosda yondashgan holda ko‘chat ekib, “yashil belbog‘”lar yaratish ajoyib an’anaga aylandi.
Shu yilning o‘tgan davrida Angor tumanining M39 xalqaro magistral avtomobil yo‘li bo‘yidagi 102 gektar yer maydonida 261 ming tup va “Qoraqir” dahasi hududidagi 108 gektar yerda viloyatdagi 6 ta davlat o‘rmon xo‘jaligi 270 ming tup, Termiz tumani “Kattaqum” dahasida viloyat, tuman va shahar hokimliklari tashabbusi bilan 82 gektar yer maydonida 218 ming tup mevali va manzarali daraxt, Yangiobod mahallasi hududidagi 31 gektar yer maydonda 12,7 ming tup “eldor” qarag‘ay ko‘chati ekildi.

Bayram arafasida boshlangan aksiya ham yashil hududlarni yanada kengaytirib, atrof-muhitni obodonlashtirish va aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga, chang-to‘zon ko‘tarilishining oldini olishga qaratilgan. Shu maqsadda ekologiya sohasi xodimlari, yoshlar va mahallalar faollari hududlarda tanlab olingan bo‘sh yerlarga tut, katalpa, archa va sharq tuyasi singari daraxt ko‘chatlaridan 35 tupdan qadab, yashil maydonlarni kengaytirmoqda.

–Aslida viloyatda esadigan “afg‘on shamoli”ning ta’sirini kamaytirishga qaratilayotgan e’tibor ham istiqlol sharofatidir,–deydi viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Urunov.–Chunki, bu shamol sobiq tuzum davrida ham avj bilan tez-tez esib, tuproq unumdorligi va inson salomatligiga ta’sir o‘tkazar edi. Lekin bunga shunchaki tabiat hodisasi sifatida qarab, zarur choralar ko‘rilmadi. Daraxtzorlar barpo etilgan bo‘lsa-da, bugungidek ilmiy asosda yondashilmadi. Endilikda olimlar tavsiyasi asosida ko‘chat ekilib, shamol yo‘nalishlari to‘silmoqda. Bu chang-to‘zonlar ko‘tarilishini nisbatan susaytirib, tuproq eroziyasining oldini ola boshladi.

Mavridi kelganda aytish kerakki, shu paytgacha odamlar orasida yozda ekilgan ko‘chat unmaydi, degan fikr yurar edi. Yoz issiq keladigan vohada keyingi yillarda bu faslda qadaladigan ko‘chatlar ham mutaxassislar tavsiyasi asosida parvarishlanib, undirib olinyapti. Buning uchun nihollar tomiri nam tuprog‘i bilan ekilib, salqin tushganda muntazam sug‘orilayotir va parvarish qilinmoqda. Yaxshi tutib ketishi uchun zarur agrotexnik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Shu kunlarda mustaqillikning 35 yilligi oldidan ezgu niyatlar bilan joylarda o‘tqazilayotgan manzarali daraxt ko‘chatlari ham ko‘kka bir tekis bo‘y cho‘zib, hududlarda shamol eroziyasining salbiy ta’sirini kamaytirish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qila boshlaydi. Tevarak-atrof yanada ko‘rkam bo‘lib, vohani yashil manzara bilan bezaydi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri
0