Surxondaryoda 274 o‘quvchi muddatidan ilgari talaba bo‘ldi
Termiz shahridagi Matbuot uyida Surxondaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, kelgusidagi rejalar va 2022-2023 o‘quv yili yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazdi.
Viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimiz ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar chuqur bilim va dunyoqarashga ega, ma’naviy yetuk, jismonan sog‘lom yosh avlodni tarbiyalashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi. Buning uchun sohaga barcha zamonaviy sharoit yaratilib, ilg‘or xorij tajribalari joriy etilayotgani qayd etildi.


– Ma’lumki, maktabgacha ta’lim – uzluksiz ta’lim tizimining poydevori hisoblanadi, – dedi maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i X.Mamadiyev. – Jumladan, viloyatda 255 ming 705 nafar 3-7 yoshgacha bo‘lgan bola kamolga yetmoqda. Ularning 156 ming 198 nafari vohadagi 2 ming 489 maktabgacha ta’lim muassasasida tarbiyalanmoqda. Yoki bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasi 61,1 foizni tashkil etmoqda. Yilning o‘tgan davrida vohada 2 ming 700 o‘rinli 21 davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan ish boshladi. Yana to‘rttasida qurilish ishlari davom etmoqda. 2023 yilga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida 810 o‘rinli 5 yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, 860 o‘ringa ega 16 tasi tubdan rekonstruksiya qilinadi.


Anjumanda ta’kidlandiki, insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida viloyatdagi 6 maktab tubdan rekonstruksiya qilinib, 58 tasi mukammal ta’mirlanmoqda. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 287 umumta’lim maktabining atrofi o‘ralib, tartibga keltirilmoqda.
Viloyatdagi umumta’lim maktablarining sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilinib, 602 tasi “yashil”, 329 tasi “sariq” va 17 tasi “qizil” toifalarga ajratilgan. Bu yil vohadagi 965 maktabda 531 ming 644 nafar o‘quvchi ta’lim olib, fan sirlarini chuqur o‘rgandi. Ularning 32 ming 886 nafari maktablarni muvaffaqiyatli yakunlab, mustaqil hayotga yo‘llanma olmoqda. Bitiruvchilarning 274 nafari muddatidan ilgari nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabasi bo‘ldi.
Yaqinda Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida Termiz shahridagi 1-maktab o‘quvchisi Yana Alekseyeva faxrli birinchi o‘rinni, tojik tili fani bo‘yicha Sariosiyo tumanidagi 29-maktab o‘quvchisi Soniya Ravzatulloyeva birinchi, Nozanin Qurbonnazarova ikkinchi, 12-maktab o‘quvchisi Manija Murodullayeva uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, munosib rag‘batlantirildi. Shuningdek, mazkur fanlar bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball beriladigan imtiyozga ega bo‘ldi. Endilikda ularning ustozlari ham tegishlicha 16 million 500, 11 million 550 va 9 million 900 ming so‘mdan bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bularning barchasi sohada yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlarning amaldagi samarasidir.
Matbuot anjumanida ta’lim sifatini yanada oshirish, xorijiy til va kasb-hunar o‘rgatish, o‘quvchilarning Jahon, Osiyo, xalqaro va mamlakat miqyosidagi sport musobaqalarida erishayotgan yutuqlari hamda kelgusidagi rejalari haqida ham atroflicha fikr almashildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA