Sherobod tumanidagi "Surxon" davlat qo‘riqxonasi Xatak bo‘limi, Bog‘li dara massivida 2021 yilda arxeologlar tomonidan miloddan avvalgi 100-40 ming yillikka oid neandertal odam makoni topilib, joriy yilning iyun oyidan keng ko‘lamli qazishma ishlari boshlab yuborildi.
Qazishma chog‘ida vertikal qoya yuzasida 15-20 metr balandlikda hosil bo‘lgan va kirish juda og‘ir ushbu g‘orda tosh qurollar, yovvoyi hayvonlarning maydalangan suyaklari bilan birga 100-60 ming yil oldin yashagan neandertal odam hayotining to‘liq va buzilmagan manzarasi (kul, dumaloq o‘choq qoldiqlari) saqlanib qolgani aniqlandi.

G‘orning fan uchun ahamiyatli tomoni shundaki, Surxondaryo viloyatining nafaqat tog‘li Boysun tumani, balki Sherobod tumani ham ilk insonlar makoni sifatida o‘z isbotini topdi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi FA Milliy arxeologiya markazi hamda Avstraliyaning Griffit universiteti xodimlari qazishma ishlarini davom ettirmoqda.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA