Surxondaryo ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi
Surxondaryo viloyatida so‘nggi besh yilda 22 ming 618 xonadonli ko‘p qavatli uy-joy bunyod etilib, foydalanishga topshirildi. Zamonaviy uylarning 9 ming 200 xonadonli 156 tasi o‘tgan yil qad rostladi.
Ayni paytda viloyatning Boysun, Sariosiyo, Jarqo‘rg‘on, Angor va Termiz tumanlarida barcha zamonaviy sharoitlarga ega, ko‘rkam “Yangi O‘zbekiston” massivlari bunyod etilmoqda. Yakunlangan yil ana shu beshta massivda 2 ming 930 xonadonli 62 ta ko‘p qavatli uy qurilib, aholiga topshirildi. Talab yuqori bo‘lgan boshqa hududlarda 7 ming 632 xonadonli 111 ta uy-joy, rennovatsiya asosida 108 xonadonli ikkita uy-joy bunyod etildi.


Prezidentimizning 2025 yil 21 fevraldagi “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq barpo etilgan bu uylarda xonadon egalarining osuda turmush kechirishi uchun barcha sharoit yaratilib, zarur infratuzilma bunyod etilayotir. Masalan, Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida 6 ming 280 xonadonli 74 ta osmono‘par ko‘p qavatli uy qad rostlamoqda. Shuningdek, 2 ming 640 o‘rinli ikkita maktab, 420 o‘rinli ikkita maktabgacha ta’lim muassasasi, 200 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika, mahalla markazi qad rostlamoqda. “Yangi O‘zbekiston” bog‘i, oliy ta’lim muassasasi va yotoqxona, amfiteatr, “Yangi O‘zbekiston” muzeyi, sanoat zonasi qurilyapti. Boysun, Sariosiyo, Jarqo‘rg‘on, Angor tumanlaridagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ham turli ijtimoiy soha ob’ektlari qad rostlab, qiyofasini o‘zgartirmoqda.

Tinch, farovon yurtimizda aholi soni yildan-yilga o‘sib, uy-joyga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda janubdagi vohada ham zamonaviy, ixcham turar-joy binolarini bunyod etib, odamlarning uyga ehtiyojini qoplashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi yillarda boshlangan bu ezgu ishlar viloyatni ulkan bunyodkorlik maydoniga aylantirdi.


– Aholini barcha qulayliklarga ega uy-joy bilan ta’minlashni renovatsiya dasturiga kiritish ham yo‘lga qo‘yilmoqda, – deydi viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Panji Tangriyev. – Shu maqsadda joriy yildan viloyat markazidagi ikkita loyiha boshlandi. Jumladan, Tuproqqo‘rg‘on mahallasidagi 52 ta ma’nan eskirgan ikki qavatli uy-joylardan oltitasi, shuningdek, Manguzar mahallasidagi 104 ta yakka tartibdagi uy-joylar o‘rnida 22 ta ko‘p qavatli uy-joy qurilmoqda. Renovatsiya qilinadigan Tuproqqo‘rg‘on mahallasidagi uy-joylar bundan 65-75 yil ilgari qurilgan. Bu yerdagi uylar qavatlarini oshirish, mavjud muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini yangilashni investitsiya dasturiga kiritish bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Manguzar mahallasidagi 104 ta yakka tartibdagi uy-joylar o‘rnida 22 ta ko‘p qavatli turar-joylar qurilishi uchun talab etiladigan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurishni ham investitsiya dasturiga kiritish yuzasidan tegishli ishlar olib borilmoqda.
Viloyatda qurilishning yuksalishga yuz tutgani zamonaviy xizmat ko‘rsatish, dam olish va ishlab chiqarish korxonalari qad rostlaydigan yangi massivlar barpo etishga qiziqish va intilishni oshirmoqda. Termiz tumanidagi Surxondaryo daryosi bo‘yida 150 gektar maydonda qurilishi boshlangan navbatdagi massiv ham ana shunday qiyofaga ega bo‘ladi.
Massivda ishlab chiqarish korxonalari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va dam olish maskanlari bilan birga 15 mingdan ortiq aholiga mo‘ljallangan 160 dan ziyod ko‘p qavatli uy-joy barpo etiladi. Yetti mingga yaqin ish o‘rniga ega bo‘lgan mingdan ortiq ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish nuqtalarini qurish uchun 4,3 trillion so‘m investitsiya kiritilib, har yili byudjetga 200 milliard so‘m qo‘shimcha soliq tushumi manbai yaratish rejalashtirilmoqda.
Viloyat aholisi 120 ta shahar va shahar tipidagi posyolka, 724 ta mahallada istiqomat qiladi. Ayni paytda vohada 44 ming 23 xonadonli 1 ming 722 ta ko‘p qavatli uy-joy mavjud. Ularning 1 ming 120 tasi mustaqillikkacha qurilgan. 121 tasi 1991-2017 yillarda, 481 tasi 2017-2024 yillarda barpo etilgan ko‘p qavatli uylar bo‘lib, 160 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularning 1 ming 553 tasi 34 ta boshqaruv servis kompaniyalariga biriktirilgan. 169 ta uy-joy hududiy hokimlik, tadbirkor va boshqa tashkilotlarga qaraydi. Vohada ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatish sifati ham yildan-yilga yaxshilanib bormoqda. Xususan, o‘tgan yil boshqaruv tashkilotlarining 2 milliard 100 million so‘m mablag‘i evaziga 136 ta uy ta’mirlanib, sharoitlar yanada yaxshilandi. 27 ta uyning tom qismi, 160 ta kirish yo‘lagi, 39 ta uyning fasadi, 18 ta uyning yerto‘lasidagi ichimlik va oqova suv, issiqlik tarmog‘i, 286 ta elektr taqsimlovchi shit ta’mirlanib, 275kvadrat-metr fromuga romi, 147 ta energiya tejamkor sensor lampalar va 80 ta kodli temir eshik o‘rnatildi. Yangi yilda viloyatda yangi ko‘p qavatli uylar qurish bilan birga aholi yashayotgan turar-joy binolarini ta’mirlash va odamlarning osuda, obod turmush kechirishi uchun mavjud sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan ham yirik hajmdagi ishlar amalga oshiriladi. Vohada olib borilayotgan bunday bunyodkorlik ishlari inson qadrini ulug‘lab, odamlarning hayotidan rozi bo‘lib yashashiga yo‘naltirilgani ahamiyatli bo‘lmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri