Surxondaryo stelasi sayyohlarni maftun etmoqda
Surxondaryo taraflarga otlanib, M-39 xalqaro avtomobil yo‘li bilan vohaga qadam tashlasangiz Boysun tumanidagi Shifobuloq mahallasi hududida qad rostlagan “Surxondaryo viloyati” degan yozuvli, vohaga kirish boshlanishini ko‘rsatuvchi badiiy bezakli stelaga ko‘zingiz tushadi.
Vohaning boy tarixi va bugungi farovon, obod hayoti aks etgan stela ayni paytda yo‘lovchilar bir to‘xtab, nafas rostlaydigan, ziyrak va beg‘ubor bolajonlar esdalik uchun suratga tushadigan ajoyib maskanga aylanmoqda. Stelaga boqar ekansiz, uchqur otda yelib borayotgan Alpomish, janubning charaqlab turgan quyoshi, sarxil mevalari-yu, boshqa yerusti va yerosti boyliklari, tarixiy obidalari ko‘z o‘ngingizda gavdalangandek bo‘ladi.
Bu yerda o‘rnatilgan o‘tov ham kishini bee’tibor qoldirmaydi. U janubdagi vohaga xos uslubda yuksak did bilan bezatilgan. Milliy va zamonaviy dizaynga ega stela atrofida chiroyli manzara barpo etish uchun yirik hajmdagi obodonlashtirish bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.

–Bularning barchasi davlatimiz tomonidan qadimiy va hamisha navqiron vohani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, sayyohlik salohiyatini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar samarasidir, – deydi viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari J.To‘rayev.– Yaqinda o‘rnatilgan ko‘rkam dizaynga ega stelani bunyod etish uchun 1 milliard 380 million so‘m mablag‘ sarflangan. Yangi stela dunyo davlatlaridan katta qiziqish bilan vohaga kelayotgan sayyohlarga ham manzur bo‘lmoqda.
Kelgusida bu joyda turli xizmat ko‘rsatish va savdo nuqtalari qurilib, sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Surxonning eng mazali taomlari va boldek shirin turfa mevalarini tatib ko‘rish, nafis va serjilo milliy hunarmandlik buyumlarini xarid qilish imkoniyati yaratiladi. Bu qulayliklar Surxondaryo viloyatiga kirib kelayotgan mehmonlarni quchoq ochib kutib olish hamda ularga xush kayfiyat ulashishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA