Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimiz geologiya sohasini yanada rivojlantirishga oid munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy baza yaratilib, takomillashtirilmoqda. Mazkur hujjatlar tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini boshqarish, mineral xomashyo bazasini ko‘paytirish hamda yer osti boyliklaridan samarali foydalanishda muhim omil bo‘lmoqda.
Tog‘-kon sanoati va geologiya yo‘nalishida aniqlanayotgan zaxiralar, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar energetika, avtomobilsozlik, elektronika, “yashil energiya” qurilmalari, kimyo va qurilish sohalarini rivojlantirishga qulay imkoniyat yaratayotir. Shuningdek, avtomobilsozlik va elektrotexnika sohalarini alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit, qurilish sohasini ohaktosh, kvars, kaolin va boshqa noruda xomashyosi bilan ta’minlamoqda.
Mamlakatimizda geologiya hamda ilm-fan va texnologiya rivojiga e’tibor kuchaytirilgani qidiruv ishlari qamrovini, yer osti boyliklarining yangi zaxiralari aniqlanishini kengaytirdi. Shunga muvofiq joylarda yirik sanoat korxonalari bunyod etilib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilayotir. Bu borada Surxondaryo viloyatida ham foydali qazilma konlaridan samarali foydalanishga kirishilmoqda.
Yer osti va yer usti boyliklariga serob voha o‘zining ko‘mir zaxiralari bilan ham tanilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimiz hududidagi qariyb 2 milliard tonna ko‘mir zaxirasining 143,4 million tonnasi Surxondaryo viloyati hududida aniqlangan. Bu xomashyoning 33 million tonnasi Sharg‘un, 20,3 million tonnasi Boysun, 20 million tonnasi Ko‘xitang ko‘mir konlarida aniqlangan. Shuningdek, Nil-u, Panama, Gurud, Fangart, Xaus, Aks-u va boshqa uchastkalarda 70,1 million tonna ko‘mir zaxirasi mavjud.
Sariosiyo tumanidagi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatining ko‘mir konida 40-50 daraja issiqlik quvvatiga ega, temirni ham eritishga qodir 5 ming 200 dan 8100 kkal/kg miqdori va sifati jihatidan o‘ta yuqori bo‘lgan ko‘mir mahsuloti qazib olinmoqda. Statistik ma’lumotlarga nazar solsak, “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida 1958-yildan 2021-yilga qadar qazib olingan ko‘mir 9 million tonnani tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kungacha bo‘lgan tarixida eng yuqori ko‘mir qazib olish ko‘rsatkichlari 2019-yilda 245 ming tonnani, 2020-yilda 264 ming tonnani, 2021-yilda 275 ming tonnani va 2022-yilda 282 ming tonnani tashkil etgan. Ishlab chiqarish hajmining yildan yilga o‘sib borishi aholi farovonligini oshirish va ko‘mir qazib olish tannarxining pasayishiga olib kelmoqda.
Prezidentimizning “Loyihalashtirish quvvati 900 ming tonnani tashkil etuvchi “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilishda investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq xitoylik mutaxassislar bilan korxonada yirik hajmdagi qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zamonaviy uskunalar o‘rnatildi. Qiymati 105,5 million AQSH dollarini tashkil etgan loyiha to‘la quvvat bilan ishga tushgach, yiliga 900 ming tonnagacha sifatli yoqilg‘i qazib olinadi.
Ayni paytda vohadagi boshqa qazilma boyliklar zaxiralarini aniqlash va o‘zlashtirish yuzasidan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani o‘z samarasini bermoqda. Masalan, Xondiza konida 17,6 ming tonna qo‘rg‘oshin, 25 ming tonna rux, 15 ming tonna kumush, Xojaikon konida 20 million tonna osh tuzi, To‘da konida 10 million tonna, Aktau konida 20 million tonna dolomit toshi, Sariqamish konida 800 ming tonna chig‘anoqli ohaktosh, Darband konida 10 million tonna gips foydali qazilmalarini o‘zlashtirish yo‘llari ko‘rilmoqda. Sherobod tumanidagi bazalt konida 3.4 million tonna selestin konida 2,4 million tonna xomashyosidan qurilish uchun zarur tayyor mahsulot ishlab chiqarishga hozirlik ko‘rilmoqda.
Termiz muhandislik-texnologiya institutida konchilik ishi, konchilik elektr mexanikasi, marksheyderlik ishi, neft va gaz ishi, geodeziya, kartografiya va kadastr, foydali qazilma konlari geologiyasi, qidiruv va razvedkasi kabi yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishlarda ta’limning kunduzgi va sirtqi shakllarida 1 ming 215 talaba tahsil olmoqda.
Institut tuzilmasida neft-gaz va konchilik ishi kafedrasi tashkil etilib, hozirgi kunda 15 nafar o‘qituvchi bo‘lg‘usi mutaxassislarga soha sirlarini qunt bilan o‘rgatayotir. Joriy yil mazkur yo‘nalishlarda 178 nafar talabamiz institutni tamomlab, vohadagi neft-gaz va boshqa konlarga yo‘llanma oladi. Ularning o‘quv jarayonini samarali tashkil etish uchun ishlab chiqarish korxonalaridan 4 nafar, mamlakatimizning tayanch va yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan 8 nafar, xorijdan 2 nafar malakali mutaxassis jalb etildi.
Talabalarning o‘quv amaliyotlarini “Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyati, Termiz neft bazasi, "Dehqonobod" kaliy zavodi, Sho‘rtan neft-gaz qazib chiqarish korxonasi, O‘zbekistonGTL kompaniyasi, Olmaliq hamda Navoiy tog‘-metallurgiya kombinatlarining tegishli konlari, Angrenko‘mir koni, Darband dala-o‘quv poligoni va Sherobod sement zavodi kabi yirik korxonalarda tashkil etish orqali fanlardan olgan nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlab kelmoqda.
“Sharg‘unko‘mir” aksiyadorlik jamiyatida, Termiz neft bazasi hamda Respublika aerogeodeziya markazi Surxondaryo hududlararo bo‘linmasida kafedra filiali tashkil etilib, tegishli mutaxassislik fanlaridan amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Kafedra o‘qituvchilari Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hududiy bo‘linmasi geologlari hamkorligida viloyat hududida joylashgan qazilma boyliklari joylashgan konlarning xaritasini tumanlar bo‘yicha ishlab chiqishni ham yo‘lga qo‘ydi. Respublikaning mazkur sohada kadrlar tayyorlab kelayotgan oliy ta’lim muassasalari, yirik korxona mutaxassislari rahbarligida hududdagi tog‘-kon va geologiya sohasidagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan mavzularda ilmiy izlanishlar ham olib bormoqda.
Surxondaryo viloyati hududida foydali qazilma boyliklarini aniqlash va ularni qazib olishni tashkil etish yuzasidan geologik izlanishlar davom etmoqda. Bu izlanishlar natijasida aniqlangan qazilma boyliklari konlarini ishga tushirish viloyat sanoatini yanada rivojlantirib, jahon bozorida raqobatbardosh tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish, yangi ish o‘rinlari barpo etib, aholining bandlik masalasini hal etishga ko‘maklashish va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
O‘rol Ahmedov,
Termiz muhandislik-texnologiya instituti rektori.
O‘zA