Surxondaryo Latviya orqali Yevropa bozorlariga yo‘l oladi
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Latviya Transport vazirligining Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik bo‘yicha vakili Eviya Dumpe va Boltiqbo‘yi – Markaziy Osiyo iqtisodiy rivojlanish assotsiatsiyasi boshqaruv raisi Aleksandr Vidyakin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilib, vohani Yevropa bozorlari bilan bog‘lovchi yangi logistika yo‘nalishlarini muhokama etdi.
Uchrashuvda Surxondaryoning Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, transport-logistika salohiyatidan samarali foydalanish va yangi investitsiya loyihalarini jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Termizni Markaziy va Janubiy Osiyoni Yevropa bilan bog‘laydigan transport-logistika zanjiriga integratsiya qilish, Latviya portlari va logistika kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, vohada yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va Yevropa bozorlariga eksport qilish yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot chog‘ida, shuningdek, raqamli iqtisodiyot, "aqlli shahar" yechimlari, yashil energetika, suv tejovchi texnologiyalar, chiqindilarni qayta ishlash kabi yo‘nalishlarda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Boy turistik salohiyatga ega qadimiy vohaga Yevropadan sayyohlarni jalb etish, turoperatorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi.
Tomonlar muhokama etilgan masalalar bo‘yicha aniq qo‘shma loyihalarni shakllantirib, amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.

Latviya delegatsiyasi O‘zbekiston – Afg‘oniston chegarasida bunyod etilgan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasining transport-logistika imkoniyatlari va eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri