Surxondaryo jinoyatchilikdan xoli hududga aylanadi
Prezident tashrifidan so‘ng...
Prezidentimizning joriy yilning 16-17 noyabr kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida barcha soha va tarmoqlar qatorida ijtimoiy profilaktikani kuchaytirib, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga, kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi omillarni aniqlagan holda ilmiy jihatdan tahlil qilib, yangi yilning birinchi choragi yakunigacha jinoyatchilikni jilovlash yuzasidan aniq takliflar kiritish, “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Viloyatda mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli tadbirlar belgilanib, vohani jinoyatdan xoli hududga aylantirish chorasi ko‘rilmoqda. Buning uchun mahallalarda huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, joylardagi kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi omillar aniqlanib, sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida fosh etishga alohida e’tibor qaratiladi.

Viloyatda so‘nggi yillarda ichki ishlar organlari chinakam xalqchil tuzilmaga aylanib, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilayotir. Har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etishda “fuqarobay” va “oilabay” ishlash orqali huquqbuzarliklarning ijtimoiy profilaktikasi ta’minlanmoqda. Bu amaliyot huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikni jilovlashda o‘z samarasini berayotir. Xususan, shu yilning o‘tgan davrida qariyb 40 foiz, ya’ni 300 ga yaqin mahallada bironta ham jinoyat sodir etilmadi. “Qizil” toifadagi mahallalar o‘tgan yilga nisbatan 104 taga kamaydi. Sodir etilgan jinoyatlarning 95,1 foizi fosh etildi. 464 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi. Qariyb 110 kilogramm giyohvandlik moddasi olindi.

Davlatimiz rahbarining vohaga tashrifi chog‘ida belgilab berilgan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash uchun viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik A. Ismoilov boshchiligidagi ishchi guruh bevosita hududlarga chiqib, tegishli ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Sho‘rchi tumanida bo‘lgan ishchi guruh tumanda xizmat qilayotgan profilaktika inspektorlarining hamkorlar bilan joylarda huquqbuzarliklar va jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasida amalga oshirayotgan ishlarini ham tahlil qildi. Har qanday huquqbuzarlik yoki jinoyatlarning oldini olishda o‘zaro hamkorlik muhimligi qayd etilib, bu borada profilaktika inspektorlari faol bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Ayni paytda tumanda 53 nafar profilaktika inspektori xizmat qilib, odamlarning osoyishta hayotini ta’minlamoqda. Mavjud 53 mahallaning 13 tasi “qizil”, 24 tasi “sariq”, 16 tasi “yashil” toifaga ajratilgan.
Tumanda jinoyatchilikni jilovlash uchun ijtimoiy profilaktikani kuchaytirish, huquqbuzarlik va jinoyatlarning barvaqt oldini olish, kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi omillarni aniqlash, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri