Suriya chegarasida “Hizbulloh”ga yuborilgan qurollar musodara qilindi
Suriya hukumati Iroq bilan chegarada Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Livanning “Hizbulloh” guruhiga yetkazilishi rejalashtirilgan yirik miqdordagi noqonuniy qurol-yaroq jamlanmasini to‘xtatib qoldi.
Bu haqda davlatga qarashli ommaviy axborot vositalari xabar tarqatdi. SANA agentligi Ichki ishlar vazirligidagi ismi oshkor etilmagan rasmiy vakilga tayanib ma’lum qilishicha, zamonaviy qurol va raketa ortilgan yuk mashinasi qo‘lga olingan. Dastlabki surishtiruv ushbu harbiy texnika va aslaha joriy yil mart oyi boshidan buyon Isroil bilan urush holatida qolayotgan Livandagi “Hizbulloh” harakatiga jo‘natilganini aniqladi.
2024-yil sobiq Prezident Bashar Asad ag‘darilgandan so‘ng Suriya hokimiyati tepasiga kelgan yangi rahbariyat o‘z sarhadi, xususan Iroq va Livan bilan chegara hududida noqonuniy qurol, giyohvand modda savdosiga qarshi kurashni keskin kuchaytirdi. Zero, ushbu yo‘nalishlar o‘nlab yil mobaynida “Hizbulloh” va Eron tomonidan dastaklanishi taxmin qilinadigan boshqa guruhlarni qurollantirish uchun strategik tranzit yo‘lagi vazifasini o‘tab kelgan. Bu haqda “AP News” xabar bermoqda.
O‘z navbatida “Hizbulloh” vakillari Suriya hukumatining bu ayblovini “mutlaqo asossiz” deb atadi. 13 yillik mojaro davrida Asadni faol qo‘llab-quvvatlagan ushbu guruh hozir mamlakat hududida hech qanday faoliyat olib bormayotganini ta’kidlamoqda. Jamoa matbuot xizmati yuqoridagi bayonotni haqiqatdan yiroq, uydirma deya baholadi.
Iroq Qo‘shma amaliyot qo‘mondonligi esa mazkur noqonuniy yuk tashish holatini o‘rganish uchun maxsus komissiya tuzilgani, bu borada Damashqdagi rasmiy idoralar bilan yaqin hamkorlik qilinishiga urg‘u berdi. Boshqa tafsilotlar oshkor etilmagan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA