Vatanimiz tarixidagi 20 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1017 yil (bundan 1008 yil oldin) – Xorazmda saroy to‘ntarishi bo‘lib, saroyda uyushtirilgan suiqasd natijasida xorazmshoh Ma’mun va uning yaqin odamlari o‘ldirildi. Xorazm taxtiga Ma’munning 17 yoshli nevarasi Ali o‘tqizildi. Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Ma’mun Gurganch (Urganch)da “Ma’mun akademiyasi”ga asos solgan. Turon, Sharq mamlakatlarining bir qancha olim, shoir va yozuvchilarini o‘z atrofiga to‘plagan.
1876 yil (bundan 149 yil oldin) – Orenburg surgunida yashayotgan sobiq Qo‘qon xoni Xudoyorxon o‘g‘li Nasriddinxonga – Qo‘qonga maktub yo‘lladi. Binobarin, bu vaqtda Xudoyorxon Qo‘qon xonligi davlat sifatida tugatilganidan ham, o‘g‘li Nasriddinxonning yanvar oxiridayoq taxtdan ag‘darilganidan ham bexabar bo‘lgan.
Sharif Yusupovning “Xudoyorxon va Furqat” asarida qayd etilishicha, fors tilida yozilgan bu maktubning to‘liq matni keyinchalik 1890 yil 3 oktyabrda “Turkiston viloyati gazeti”ning 39-sonida ruscha tarjimasi bilan birgalikda e’lon qilingan. Hajmi ancha katta bo‘lgan bu maktub matnidan ma’lum bo‘lishicha, Xudoyorxondan so‘ng Qo‘qon taxtiga o‘tirgan Nasriddinbek o‘zini shu tariqa ish tutishga majbur qilgan omillar haqida otasiga batafsil izoh berib, maxsus maktub yo‘llagan. Sobiq xonning yangi xonga maktubi farzandining o‘sha izohlariga javob tariqasida bitilgan.
Xudoyorxon maktubida aytilishicha, u avval atrofdagilarning g‘iybat va mish-mishlariga ishonib, Nasriddinbekdan xafa bo‘lgan, lekin keyinchalik o‘g‘lidan olingan maktubdan butun haqiqatni anglab, unga to‘la rozi-rizolik beradi, Qo‘qon taxtiga o‘tirganligi bilan muborakbod etadi. Sobiq xon o‘zi taxtda o‘tirgan vaqtda g‘araz ahlining, havoyi nafsning yo‘lidan borib, Xudo amrini, shariat yo‘lini ado etishiga xalal yetganini aytadi, oldingi va keyingi barcha gunohlaridan tavba qiladi.
Sharif Yusupovning yozishicha, Xudoyorxon o‘zining toj-taxtga, bu dunyo hoyu havaslariga xohishi butunlay so‘nganini, endi qolgan umrini toat-ibodat va tavba-tazarru bilan o‘tkazishga qat’iy qaror qilganini Haq Taolo va Rasulillohni shafe’ keltirib aytadi. Ayni vaqtda sobiq xon endigina taxtga chiqqan farzandiga o‘zi yo‘l qo‘ygan gumrohliklardan ehtiyot bo‘lishni, shahar va qishloqlardagi barcha fuqarolarga, xususan ulamolar bilan sipohilarga hamisha mehr-shafqatli, oqibatli bo‘lish zarurligini ta’kidlaydi.
Lekin Xudoyorxonning bu maktubi yozilgan vaqtda, yuqorida aytilganidek, Nasriddinxon ruslar tomonidan taxtdan ag‘darilib, otasi singari Toshkentga olib ketilgan, Qo‘qon xonligining butun hududi Rossiya imperatori hukmronligiga o‘tkazilgani haqida Peterburgdan kelgan farmon Qo‘qon fuqarolariga o‘qib eshittirilgan, imperatorning 19 fevraldagi farmoniga muvofiq Turkiston general-gubernatorligi tarkibida Farg‘ona viloyatini tashkil etish ishlari boshlab yuborilgan edi.
Shu vajdan ham bu voqealarning barchasidan bexabar sobiq Qo‘qon xoni tomonidan Orenburgdan yozilgan maktub uning yurtiga qachon yetib kelgani va Toshkentdan tez orada Vladimir surguniga jo‘natilgan Nasriddinxonga yetgan-yetmagani ma’lum emas. Xat 1890 yil kuzining boshida Toshkentda tashkil etilib, Furqat, Muhiddinxo‘ja kabi ma’rifatparvarlarning asarlari orqali mahalliy xalq orasida keng shuhrat topgan ko‘rgazmada eksponat sifatida qo‘yilgan va “Turkiston viloyati gazeti”da chop etilgan paytda esa Nasriddinxon allaqachon hayotdan ko‘z yumgan edi.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Madaminbek boshchiligidagi 1500 kishidai iborat qo‘shin Namangan uyezdining eng katta shaharlaridan biri bo‘lgan Chustni egalladi. Biroq Skobelevdan ko‘shimcha qizil askar kuchlari yetib kelgach, 28 soatlik shiddatli janglardan so‘ng istiqlolchilar shaharni tark etishga majbur bo‘ldilar.
1932 yil (bundan 93 yil oldin) – o‘zbek navoiyshunosligining atoqli vakili, taniqli fan namoyandasi, O‘zbekiston Qahramoni, professor Suyima G‘aniyeva tavallud topdi (vafoti 2018 yil). U “Majolis un-nafois”ning ilmiy-tanqidiy matnini, “Navoiy dastxati” kitobini o‘quvchilar hukmiga havola etgan. Alisher Navoiyning mukammal asarlar to‘plami – “Majolis un-nafois”, “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot”, “Vaqfiya”, “Hamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Nazm ul-javohir” kabi asarlarni izoh va tarjimalar bilan nashrga tayyorlagan. Olima 1992 yilda Beruniy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori bo‘lgan. 1999 yilda esa “El-yurt hurmati”, 2008 yilda “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
1920 yil (bundan 105 yil oldin) – Turkiston respublikasi Adliya xalq komissarligi tarkibida “Sud nazorati” bo‘limi tashkil etildi va unga viloyat markazlarida ish yuritgan xalq sudyalari kengashlari ustidan tushgan shikoyatlarni nazorat tartibida ko‘rish huquqi berildi. Birgina 1920 yilning o‘zida viloyat kengashlari tomonidan qabul qilingan 450 ta hukm va qaror qonunchilikka zid bo‘lgani uchun ushbu bo‘lim tomonidan bekor qilingan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – Estoniya Respublikasi O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atrofdagilar uchun xavf tug‘diradigan kasalliklar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2004 yil (bundan 21 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrining Yunusobod tumanida universal sport saroyi qurish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2007 yil (bundan 18 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hazrati imom (hastimom) jamoatchilik jamg‘armasini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzurida Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi tashkil etildi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasining faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi