Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 15-tur uchrashuvlarining navbatdagi kunida “Mash’al” – OKMK, “Andijon” – “Bunyodkor” jamoalari o‘zaro raqobatlashdi.
Andijon shahridagi “Bobur-arenada” o‘tkazilgan “Andijon” va “Bunyodkor” klublari bahsi 0:2 hisobida yakunlandi. Uchrashuvdagi ikki golga Luis Kachorri mualliflik qildi. Shuningdek, "Mash’al" mehmoni bo‘lgan OKMK 0:1 hisobida zafar quchdi. Bellashuvdagi yagona gol 4-daqiqada Avazbek O‘lmasaliyev tomonidan kiritildi.
Bugun, 6 iyul kuni milliy chempionatimizning ayni damdagi peshqadamlari “Dinamo” va “Nasaf” o‘zaro raqobatlashadi. Shuningdek , “Navbahor” safarda “Paxtakor” klubiga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
Mazkur klublar bahsi bu turning markaziy uchrashuvi deya e’tirof etilmoqda. Sababi, ayni damda “Nasaf” 32 ochko bilan ligada peshqadam bo‘lib turibdi va ularni “Dinamo” 28 ochko bilan ta’qib qilmoqda. O‘z o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu jamoalarni hatto durang ham qanoatlantirmaydi. Yana shuni ta’kidlab o‘tish lozimki “Navbahor” 26 ochko jamg‘arib, 6-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, “Paxtakor” 3 ochko ortda qolgan holda 7-o‘rindan joy olgan va bu bellashuv ham keskin hamda murosasiz o‘tishi kutilmoqda.
Endi esa “Jar” stadionida soat 20:00 boshlanadigan "Paxtakor" va "Navbahor” jamoalarining o‘zaro o‘yinlar tarixiga nazar tashlaymiz.
Ushbu klublar chempionatlar doirasida barcha mavsumlarda ishtirok etib kelmoqda. Yuqori ligada eng ko‘p to‘qnashuvlar bu ikki klub o‘rtasida o‘tgan. Hozirga qadar jamoalar chempionatlarda 68 uchrashuvda maydonga tushgan va ularda 41 marotaba "Paxtakor" zafar quchgan, 13 bor raqib bilan durang o‘ynagan, 14 marta imkoniyatni boy bergan. "Navbahor" darvozasiga 111 gol urilib, 56 to‘p o‘tkazib yuborilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA