Superliga: Yakunlangan tur durangga boy bo‘ldi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 9-tur uchrashuvlari ham o‘z yakuniga yetdi. Mazkur turda bir qator uchrashuvlar durang hisobida yakunlangani ushbu musobaqada ishtirok etayotgan jamoalarning o‘yin uslublari yangicha ko‘rinish olayotgani va ularning o‘yin saviyasi o‘sayotganidan dalolat.
Superliganing 9-turidan o‘rin olgan so‘nggi uchrashuvda «Lokomotiv» va «Surxon» jamoalari maydonga tushdi va ushbu bahs 1:1 hisobida yakunlandi. Umuman olganda bu turda faqatgina «Neftchi» hamda «So‘g‘diyona» klublari g‘alaba qozonib, 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Jumladan, 10-tur uchrashuvlari boshlanishidan avval «Navbahor», «Nasaf» jamoalari bir xil – 16 ochko to‘plagan holda jadvalni boshqarmoqda. «Andijon», «OKMK», «So‘g‘diyona» va «Neftchi» 14 ochko bilan keyingi o‘rinlarga ko‘tarildi. Shuningdek, «Paxtakor» 12 ochko jamg‘arib, 7-o‘rindan joy olgan. «Qizilqum» 10, «Lokomotiv» va «Surxon» ham bir xil – 9 ochko jamg‘argan holda kuchli o‘nlikka joylashdi. «Olimpik» jamoasi 8 ochko bilan 11-o‘rinda borayotgan bo‘lsa, quyi pog‘onalarda «Dinamo», «Bunyodkor», «Metallurg» o‘rin olgan.

Ushbu turdan o‘rin olgan «Neftchi» — «OKMK» (1:0) bahsini tomosha qilish uchun «Istiqlol» stadioniga 15 ming 120 nafar muxlis tashrif buyurdi. Shuningdek, bu turda «Nasaf» — «Dinamo» o‘yinini ko‘rish uchun «Markaziy» stadionga 7 ming 11 nafar muxlis kelgan bo‘lsa, «Lokomotiv» — «Surxon» uchrashuvini 698 nafar muxlis stadiondan kuzatdi.

Hozirda Superliga bahslarida Toma Tabatadze va Lupche Doriyev 8 ta gol urgan holda to‘purarlar jadvalini boshqarib bormoqda. Ularni Zoran Marushich 5 ta gol bilan ta’qib etib bormoqda. «Andijon» jamoasi a’zosi Bektemir Abdumannonov o‘tgan 9 turda jami 4 marotaba assist qildi va hozirda ushbu yo‘nalish bo‘yicha chempionatda unga teng keladigan futbolchi topilmayapti.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Superligasining 10-tur uchrashuvlari 30 may kuni boshlanib, 2 iyun kuniga qadar davom etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA