Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 15-turidan o‘rin olgan “Dinamo” – “Nasaf”, “Paxtakor” – “Navbahor” klublari bahsi keskin va murosasiz o‘tdi.
Poytaxtimizdagi “Jar” stadionida o‘tkazilgan "Paxtakor" va "Navbahor” jamoalari uchrashuvida 2:0 hisobi qayd etildi. Mazkur bellashuvdagi gollarga Javino Flamarion va Igor Sergeyev mualliflik qildi. Bu muvaffaqiyatdan so‘ng, “Paxtakor” ochkolarini 26 taga yetkazib oldi va jadvalning 6-pog‘onasiga ko‘tarilib oldi. “Navbahor” esa garchi hisobida 26 ochko bo‘lsa-da, gollar nisbatiga ko‘ra 7-o‘ringa tushib ketdi.

Darvoqe, ushbu uchrashuvda raqib darvozasini ishg‘ol qilgan Igor Sergeyev chempionat to‘purarlari ro‘yxatida 11 ta gol bilan yaqqol peshqadamga aylandi.
Superliga peshqadamlari bahsi Samarqand shahridagi "Dinamo" stadionida o‘tkazildi. Unda “Dinamo” va “Nasaf” jamoalari 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Natijada “Nasaf” 33, “Dinamo” esa 29 ochko bilan musobaqa jadvalining birinchi hamda ikkinchi pog‘onasidan o‘rin oldi.

Bugun, 7 iyul kuni milliy chempionatimizning 15-turi yakunlanadi. Unda “Neftchi” va “Xorazm” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Uchrashuv Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida soat 20:00 da boshlandi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA