Superliga: OKMKdan ajoyib kambek, "Paxtakor"da durang va "Mash’al"ning mavsumdagi ilk g‘alabasi
Markaziy bahslarda muxlislar haqiqiy gollar shousi va dramatik g‘alabalarga guvoh bo‘lishdi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 12-tur uchrashuvlari doirasida bir qator qiziqarli va kutilmagan natijalarga boy o‘yinlar bo‘lib o‘tdi. Markaziy bahslarda muxlislar haqiqiy gollar shousi va dramatik g‘alabalarga guvoh bo‘lishdi.
OKMKdan dramatik kambek
Turning eng shiddatli uchrashuvlaridan biri Toshkentdagi "Olimpiya" stadionida kechdi. Unda nominal mezbon hisoblangan Namanganning "Navbahor" jamoasi Olmaliqning OKMK klubini qabul qildi.
Uchrashuv tezkor gollar bilan boshlandi: 8-daqiqadayoq Ruslanbek Jiyanov namanganliklarni hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, 20-daqiqada Hazratjon Tursunqulov muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida, ya’ni 31-daqiqada Husayn Norchayev vodiyliklar safida gol urib, hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.
O‘yinning so‘nggi qismi esa OKMKning haqiqiy kambekiga aylanib ketdi. 82-daqiqada Ali Abdurahmonov muvozanatni tiklagan bo‘lsa, uchrashuvga qo‘shib berilgan 90+4-daqiqada Arihiro Sentoku olmaliqliklarga g‘alaba keltirgan golga mualliflik qildi — 3:2.
Ushbu g‘alabadan so‘ng OKMK ochkolari sonini 19 taga yetkazib, turnir jadvalining 5-pog‘onasiga joylashdi. "Navbahor" esa 20 ochko bilan 3-o‘rinda qoldi.
Toshkent derbisida g‘olib aniqlanmadi
Turning yana bir o‘yinida "Paxtakor" o‘z maydonida "Lokomotiv"ni qabul qildi. Poytaxt derbisi jangovar 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi.
Uchrashuvning 11-daqiqasida "sherlar" hujumchisi Rustam Turdimurodov hisobni ochgan bo‘lsa, 63-daqiqada "temiryo‘lchilar" vakili Shodiyor Shodiboyev javob golini kiritib, muvozanatni tikladi.
Ushbu durangdan keyin "Paxtakor" 27 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. "Lokomotiv" esa 18 ochko bilan 7-pog‘onadan joy olgan.
"Mash’al"dan mavsumdagi ilk g‘alaba
Turning yana bir e’tiborga molik uchrashuvi G'uzorda bo‘lib o‘tdi. "Mash’al" Vodiy vakili — "Qo‘qon-1912"ni qabul qildi va minimal 1:0 hisobida g‘alabaga erishdi.
Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol 61-daqiqada Ergash Ismoilov tomonidan kiritildi.
Bu muborakliklarning joriy mavsumdagi ilk g‘alabasi bo‘ldi. Garchi jamoa 3 ochko bilan hamon turnir jadvalining so‘nggi, 16-o‘rinida borayotgan bo‘lsa-da, bu g‘alaba ular uchun autsayderlar safidan chiqish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi mumkin. "Qo‘qon-1912" esa 11 ochko bilan 15-pog‘onada qoldi.