Superliga: OKMK irodali g‘alaba bilan kuchli uchlikka kirdi, "Lokomotiv" va "Andijon" o‘z uyida zafar quchdi
Turnir jadvalidagi vaziyatga jiddiy o‘zgarishlar kiritgan ushbu bahslarda mezbonlarning qo‘li baland keldi.
O‘zbekiston Superligasining 14-turidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuvlar yakunlandi. Turnir jadvalidagi vaziyatga jiddiy o‘zgarishlar kiritgan ushbu bahslarda mezbonlarning qo‘li baland keldi.
Olmaliqda kechgan bahsda OKMK Muborakning "Mash’al" klubini qabul qilib, irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi — 2:1. O‘yinning 21-daqiqasida mehmonlar safidan Ergash Ismoilov hisobni ochgan bo‘lsa-da, mezbonlar bunga munosib javob qaytarishdi. Dastlab 32-daqiqada Asadbek Sobirjonov muvozanatni tikladi. Ikkinchi bo‘limda, aniqrog‘i 64-daqiqada muborakliklar safidan Muhammadali Aliqulov qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Son jihatidan ustunlikka erishgan OKMK oxirgi daqiqalargacha bosimni davom ettirdi va 90+2-daqiqada Abror Karimov g‘alaba golini kiritib, jamoasiga uch ochkoni taqdim etdi. Ushbu g‘alafadan so‘ng OKMK ochkolarini 25 taga yetkazib, 3-o‘ringa ko‘tarildi. "Mash’al" esa 4 ochko bilan so‘nggi 16-pog‘onada qolmoqda.
Toshkentda "Lokomotiv" o‘z maydonida Jizzaxning "So‘g‘diyona" jamoasini sinovdan o‘tkazdi va 3:1 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvning asosiy qahramoniga aylangan Temurxo‘ja Abduxoliqov 57 va 66-daqiqalarda penaltidan ikkita gol urib, dubl qayd etdi. O‘yin oxirida Quvonchbek Abrayev (90+3) "temiryo‘lchilar"ning uchinchi to‘pini kiritdi. Mehmonlar faqatgina 90+6-daqiqaga kelib Dzenan Zajmovichning goli evaziga farqni qisqartirishga muvaffaq bo‘lishdi. Natijada, "Lokomotiv" 22 ochko bilan 5-o‘ringa chiqdi, "So‘g‘diyona" esa 12 ochko bilan 14-pog‘onani band etib turibdi.
Tur doirasidagi yana bir qiziqarli o‘yin "Andijon" va "Buxoro" jamoalari o‘rtasida kechdi. Mazkur bahsda mezbonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonishdi. Gollarning barchasi ikkinchi bo‘limga to‘g‘ri keldi: 54-daqiqada Odil Abdumajidov hisobni ochgan bo‘lsa, 90-daqiqada Hamidullo Karimov yakuniy natijani o‘rnatdi. Ushbu g‘alabadan keyin "Andijon" 20 ochko bilan 7-o‘ringa ko‘tarildi, "Buxoro" esa 23 ochko bilan 4-pog‘onada qoldi.