Bugun, 2 may kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 8-tur bahslari start oladi. 4 mayga qadar davom etadigan ushbu turning ilk kunida “Xorazm” – “Nasaf”, “Bunyodkor” – “Qo‘qon-1912” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Superliganing 8-turini ochib beruvchi “Xorazm” – “Nasaf” uchrashuvi soat 18:15 da Jizzax shahridagi "So‘g‘diyona" stadionida tashkil etiladi.
Darvoqe, bu jamoalar 14 yillik tanaffusdan so‘ng yana o‘zaro to‘qnash kelmoqda. Ushbu jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi uchrashuv 2010 yilning 14 avgust kuni Qarshida o‘tkazilgan va unda "Nasaf" 2:1 hisobida g‘alaba qozongan edi.
Toshkentdagi "Bunyodkor" stadionida soat 20:30 da boshlanadigan "Bunyodkor" – "Qo‘qon-1912" jamoalari esa shu kunga qadar chempionat doirasida 16 marta to‘qnash kelgan. O‘zaro uchrashuvlarning 4 tasida qo‘qonliklar, 10 tasida poytaxtimiz klubi g‘alaba qozongan, ikkitta to‘qnashuv durang bilan yakunlangan. To‘plar nisbati – 27/15, “Bunyodkor” foydasiga.

E’tiborli jihati shundaki, jamoalarning ilk o‘yini 2015 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unda “Bunyodkor” 0:1 hisobida safarda g‘alaba qozongan. So‘nggi uchrashuv esa "Qo‘qon-1912" da o‘tgan va unda ham aynan 0:1 hisobida "Bunyodkor" g‘olib bo‘lgan.
Milliy chempionatimizning 8-tur o‘yinlari 3-4 may kunlari o‘tkaziladi:
3 may: OKMK – “Andijon”, “Surxon” – “Paxtakor”, “Buxoro” – “Mash’al”;
4 may: “Neftchi” – “So‘g‘diyona”, “Sho‘rtan” – “Dinamo” va “Qizilqum” – “Navbahor”.
Ma’lumot o‘rnida: Superligada “Nasaf” 17 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. OKMK 16, “Bunyodkor” esa 15 ochko jamg‘arib, kuchli uchlikni yakunlab turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA