Superliga: Bugun 20-tur start oladi
Superligada chempionlik uchun kurash tobora qizg‘in pallaga kirmoqda. 19-turdan so‘ng «Neftchi» 45 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Endi 20-turdagi muhim bahslar jamoalar o‘rtasidagi ochkolar farqiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
Bugun futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasi 20-turiga start beriladi. Uch kun davom etadigan navbatdagi tur doirasida 8 ta uchrashuv o‘tkaziladi.
Turning ilk o‘yinida OKMK o‘z maydonida «Xorazm» klubini qabul qiladi. Ushbu bahs bugun soat 19:00 da boshlanadi. 4-sentabr kuni esa to‘rtta bahs o‘tkaziladi. Unda «Bunyodkor» — «Surxon» , «Navbahor» — «Lokomotiv», «Nasaf» — «Neftchi» va «Paxtakor» — «Andijon» uchrashuviga guvoh bo‘lamiz.
Superliganing 5-sentabr kungi o‘yinlar dasturi «So‘g‘diyona» — «Mash’al», «Qo‘qon-1912» — «Dinamo» jamoalari raqobati bilan boshlanadi. Turning so‘nggi uchrashuvida «Qizilqum» o‘z maydonida «Buxoro»ni qabul qiladi. Ushbu to‘qnashuv soat 20:15 da start oladi.
Eslatib o‘tamiz, ayni damda O‘zbekiston Superligasida 19-tur bahslaridan so‘ng «Neftchi» jamoasi 45 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Farg‘ona klubi 19 ta uchrashuvda 14 ta g‘alaba, 3 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etgan. Jamoa raqiblar darvozasiga 45 ta to‘p kiritib, o‘z darvozasidan 10 ta gol o‘tkazib yuborgan. «Paxtakor» 40 ochko bilan ikkinchi, «Navbahor» esa 37 ochko bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA