Superliga bir oylik «tanaffus»ga chiqdi
Milliy terma jamoamizning iyun oyida JCH-2022 hamda OK-2023 qo‘shma saralash bahslarini Saudiya Arabistonida, markazlashgan holda o‘tkazishi munosabati bilan O‘zbekiston Coca-Cola Superliga o‘yinlarida bir oylik tanaffus boshlandi.
Kecha Superliganing 9-tur doirasidagi so‘nggi o‘yinlari o‘tkazildi. Bir so‘z bilan aytganda, mazkur tur bir qator qiziqarli bahslarga. Kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi.
Aytaylik, «Andijon»ning o‘z maydonida «Lokomotiv»dan kamida ochko tortib olishi kutilgandi. O‘yin ham shunga mos o‘tdi. Mezbonlar o‘yinning dastlabki daqiqalaridanoq tashabbusni o‘z qo‘llariga olishdi. Ketma-ket hujumlar chiroyli kombinatsiya va chiroyli gol bilan tugadi. Doniyor Abdumannopovning chap qanotdan uzatgan aniq pasini jamoaning xorijlik legioneri Martin Boake chiroyli usulda darvoza to‘riga joyladi. Lekin «temiryo‘lchilar» ham ko‘p o‘tmay javob to‘pini kiritishdi. O‘yin oxiriga borib esa maydonga yaqindagina tushgan Marat Bikmayev o‘z tajribasiga asoslanib, jamoadoshlarining ikkinchi golini kiritdi. Raqiblarning ikkala goli ham mezbonlar himoyachilarining xatolari evaziga amalga oshirildi. Natijada, «Andijon» «xavfli hudud»ga ravona bo‘ldi.
Qo‘qondagi o‘yin ham tomoshabop o‘tdi. Andijondagi kabi bu yerda ham hisobni mezbonlar ochib berishdi, u yog‘ini esa mehmonlar davom ettirishdi. Eng qizig‘i, darvozalarga kiritilgan beshta gollarning bari birinchi bo‘limga to‘g‘ri keldi, ikkinchi bo‘limda esa tomoshabinlar «zerikib qolishdi».
«Bunyodkor»ning kuchlilar safiga yaqinlashishiga, «Navbahor»ning esa o‘rtamiyonalar safini tark etishiga o‘zaro o‘yindagi g‘alaba muhim ahamiyat kasb etardi. Qolaversa, mavsum boshida «Navbahor»dan «Paxtakor»ga transfer qilingan Azizbek Turg‘unboyevning mash-mashasi hamon davom etayotgandi – «Paxtakor» kelishilgan bahoning yarmini ham to‘lab bermagan, «Navbahor» esa o‘z haqini talab qilib, yozish ishlarini boshlab yuborgandi. Shu kayfiyatda jamoalar maydonga tushishdi. Har ikkala tomondan ko‘plab xavfli vaziyatlar sodir etildi, biroq goldan xabar bo‘lmadi.
«Surxon» «Turon» natijasi ham ikkala jamoa uchun ham juda muhim edi. Sababi, har ikkalasi ham autsayderlar hisoblanardi. Ayniqsa, debyut faoliyatidayoq infrastruktura bo‘yicha salmoqli ishlarni amalga oshirgan, ishga chinakam professional nuqtai nazardan yondashayotgan «Turon»da shu paytgacha bironta ham yutuq bo‘lmadi, uchta durang bilan turnir jadvalining eng quyidan joy olib kelayotgandi. Bu muvaffaqiyatsizliklar oxir-oqibat jamoaning tajribali bo‘lmasada, kuyunchak, shijoatli bosh murabbiyi Islom Ismoilovning jamoani tarki etishiga olib kelgandi. Termizda jamoani polshalik Baguslav Baniak maydonga boshlab tushgandi. O‘yin taqdirini esa 69-daqiqada Nuriddin Hasanovning boshi bilan urgan goli hal qildi.
«Qizilqum» o‘z maydonida «Paxtakor»ga yengildi. Aslida o‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Biroq mezbonlar himoyachilarining xatosi tufayli mehmonlar safarda zafar quchishdi – Dragan Cheran himoyachilarning aniq «pasidan» keyin darvoza to‘rini qiyinchiliksiz nishonga ola bildi.
Kutilmagan natija Muborakda ham qayd etildi. Mezbonlar birinchi bo‘limning o‘zidayoq raqiblar darvozasini ikkita to‘p bilan ishg‘ol etib bo‘lishgandi. Ikkinchi bo‘limda olmaliqliklar qanchalik harakat qilishmasin, niyatlariga yetisha olmadi. Uchrashuv yakuniga sanoqli soniyalar qolganida bitta javob to‘pi kiritishga muvaffaq bo‘lishdi, qolganiga esa vaqt etmadi.
9-turda qayd etilgan natijalar:
Coca-Cola Superliga. 9-tur
17 may, dushanba
ANDIJON – LOKOMOTIV - 1:2 (1:1)
Andijon. «Bobur Arena». 3131 tomoshabin
Gollar: Martin Boake, 10 (1:0), Temurxo‘ja Abduxoliqov, 36 (1:1), Marat Bikmayev, 86 (1:2)
QO‘QON-1912 – SO‘G‘DIYONA - 2:3 (2:3)
Qo‘qon. «Markaziy» stadion. 5382 tomoshabin.
Gollar: Sardorbek Azimov, 1 (1:0), Javohir Qahramonov, 32 (1:1), Jamshid Boltaboyev, 35 (1:2), Javohir Qahramonov, 36 (1:3), Yakuba Bamba, 45+3 (2:3)
BUNYODKOR – NAVBAHOR - 0:0
Toshkent. «Bunyodkor» stadioni. 3851 tomoshabin.
SURXON – TURON - 1:0 (0:0)
Termiz. «Surxon» stadioni. 1284 tomoshabin.
Gol: Nuriddin Hasanov, 69 (1:0)
MASH’AL – AGMK - 2:1 (2:0)
Muborak. Bahrom Vafoyev nomidagi stadion. 3200 tomoshabin.
Gollar: Sardor Abduraimov, 4 (1:0), Zafarbek Akramov, 45 (2:0), Dilshod Jo‘rayev, 90+4 (2:1)
QIZILQUM – PAXTAKOR - 0:1 (0:0)
Navoiy. «Yoshlar» sport majmuasi. 7832 tomoshabin.
Gol: Dragan Cheran, 61 (0:1).
Shu tariqa Superliga bir oylik «tanaffus»ga chiqdi. Chin ma’nodagi tanaffus esa iyul oyiga belgilangan.
9-turdan keyin 8ta o‘yin o‘tkazgan «Paxtakor» 22 ochko bilan peshqadamlik mavqeini saqlab turibdi. 9 o‘yindan 21 ochko to‘plagan «So‘g‘diyona» 21 ochko bilan ikkinchi o‘rinda boryapti. Kuchli uchlikka 16 ochko bilan AGMK jamoasi yakun yasab bergan (AGMKda ham 8 ta o‘yin bor).
4-o‘rinda 14 ochko bilan «Lokomotiv», 5-o‘rinda 12 ochko bilan «Metallurg», 6-o‘rinda 12 ochko bilan «Bunyodkor», 7-o‘rinda esa 12 ochko bilan «Qo‘qon-1912»
Jamoasi bormoqda. 11 ochko bilan 8-o‘rinni band etib turgan «Nasaf»da atigi 7 ta o‘yin bor.
«Navbahor» va «Qizilqum» 10 tadan ochko to‘plagan. «Mash’al»da 8, «Surxon»da 7 ochko. Autsayderlar qatorida turgan «Andijon» 4, «Turon» esa 3 ochko to‘plagan xolos.
Bironta ham mag‘lubiyatga uchramagan jamoalar – «Paxtakor» va «So‘g‘diyona».
Bironta ham durang qayd qilmagan jamoa – «Metallurg».
Bironta ham g‘alaba qozonmagan jamoa – «Turon».
To‘purarlar bahsi:
1. Shoxruz Norxonov («So‘g‘diyona») - 7
2. Dragan Cheran («Paxtakor») - 6
3. Temurxo‘ja Abduxoliqov («Lokomotiv») - 5.
10-tur o‘yinlari 18 iyundan davomi ettiriladi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA