Superliga bahslari ham qizg‘in o‘tmoqda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 6-turi ham o‘z yakuniga yetdi. Tur doirasida faqatgina «Olimpik» va «Dinamo» klublari o‘rtasidagi bahs boshqa kunga qoldirildi.
Oltinchi turning so‘nggi ikki uchrashuvida "Nasaf" – "OKMK", "Paxtakor" – "Metallurg" jamoalari o‘zaro raqobatlashdi. Aynan ushbu uchrashuvlar turning eng qiziqarli va gollarga boy o‘yini bo‘ldi. Qarshining "Nasaf" klubi safarda «OKMK»ni 4:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, "Paxtakor" o‘z maydonida "Metallurg"dan 4:3 hisobida ustun keldi.

Shuningdek, 6-turda «Andijon» — «So‘g‘diyona» 0:1, «Navbahor» — «Lokomotiv» 4:0, «Bunyodkor» — «Surxon» 0:2 va «Qizilqum» — «Neftchi» 1:1 natijalari qayd etildi. Mazkur turda o‘tkazilgan ushbu o‘yinlarda jami 23 ta gol urildi.

Hozirda Superliga bahslarida Toma Tabatadze — 6 ta gol urgan holda to‘purarlar jadvalini boshqarib borayotgan bo‘lsa, Shohrux Abdurahmonov va Zoran Marushich 4 tadan gol bilan uni ta’qib etib turibdi.

Klublar o‘rtasida eng ko‘p gol urgan jamoalar jadvalini «Navbahor» klubi 12 ta gol bilan boshqarayotgan bo‘lsa, eng ko‘p gol o‘tkazgan klub sifatida o‘z darvozasidan 13 ta to‘p olib chiqqan «Bunyodkor» jamoasi e’tirof etilmoqda. «Neftchi» klubi garchi ko‘p gol ura olmayotgan bo‘lsada, o‘z darvozasini yaxshi qo‘riqlagan jamoa sifatida olqishlarga sazovor bo‘lib turibdi. Farg‘ona jamoasi o‘tgan 6 turda 5 ta o‘yin o‘tkazib, bor-yo‘g‘i ikki to‘p o‘tkazib yubordi. Albatta, bu yuqori natija.
Milliy chempionatimizning 7-turi oldidan «Andijon», «So‘g‘diyona» va «Nasaf» jamoalari bir xil 11 ochko to‘plagan holda jadvalni boshqarmoqda. Biroq «Nasaf» jamoasi bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda mazkur natijani qayd etayotir. Vodiyning «Neftchi» va «Navbahor» klublari 10 hamda 9 ochko jamg‘arib, 4 hamda 5-o‘rindan joy olgan.

Shuningdek, «Lokomotiv», «Qizilqum» va «OKMK» ham bir xil 8 ochko jamg‘argan holda, «Paxtakor», «Surxon» esa 7 ochkodan jamg‘arib, kuchli o‘nlikka joylashdi. Quyi pog‘onalarda «Olimpik» va «Dinamo» 4 ochko bilan, «Metallurg» hamda «Bunyodkor» esa 2 ochko bilan bormoqda.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Superliga bahslarining 7-turi 11-14-may kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA