Superliga: «Andijon» birinchi o‘rinda
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 5-tur bahslari kutilmagan natijalarga boy bo‘ldi.
Turning dastlabki uchrashuvida, «Lokomotiv» o‘z maydonida «Andijon»ni qabul qildi va 1:2 hisobida yengildi. Aleksandr Xomyakovning shogirdlari mazkur bahsda o‘yinda hujumkor o‘yin namoyish etdi. «Andijon»ga g‘alaba keltirgan gollarga Islom Mamatkazin va Shahrom Samiyev mualliflik qilgan bo‘lsa, mezbonlarning yagona goli Sardor Abdunabiyev tomonidan kiritildi. Bu g‘alaba vodiy klubini Superliga jadvalining birinchi pog‘onasiga olib chiqdi.

Toshkentdagi yana bir o‘yinda «Bunyodkor» jamoasi «Dinamo»ni qabul qildi va bu to‘qnashuvda g‘olib nomi aniqlanmadi – 0:0. Jizzaxda esa «So‘g‘diyona» 1:0 hisobida «Qizilqum» ustidan g‘alaba qozondi va o‘z hisobiga 8 ochko qo‘shib qo‘ydi. O‘zbekiston Superligasi 5-turidan o‘rin olgan so‘nggi o‘yin «Surxon» – «OKMK» o‘rtasida kechdi. «Paxtakor» stadionida o‘tkazilgan bahsda «Surxon» 2:1 hisobida zafar quchdi.

Shu tariqa, 5-turda faqatgina 4 ta juftlik uchrashuvlari o‘tkazildi. Olimpiya terma jamoamiz yig‘ini sababli «Nasaf» – «Navbahor», «Neftchi» – «Paxtakor» va «Metallurg» – «Olimpik» uchrashuvlari boshqa muddatga qoldirildi.
Ma’lumot uchun, Superliganing 5-turidan so‘ng «Andijon» 11 ochko to‘plagan holda jadval peshqadamiga aylandi. Uning ortidan «Neftchi» bitta o‘yin kam o‘tkazgan holda 9 ochko bilan bormoqda. «So‘g‘diyona», «Lokomotiv», «Nasaf» va «OKMK» jamoalari 8 ochko jamg‘argan holda keyingi o‘rindan joy olgan bo‘lsa, «Qizilqum» klubi 7 ochko bilan 7-pog‘onadan o‘rin egallagan. «Navbahor» 6, «Paxtakor», «Olimpik» 4 ochko, 8-9-10 o‘rinda qayd etilgan. Shuningdek, «Surxon» bu turdagi g‘alabasidan so‘ng 4 ochko bilan 11-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Uning ortidan xuddi shunday ochko bilan «Dinamo» bormoqda. «Metallurg» hamda «Bunyodkor» 2 ochko jamg‘argan holda quyi pog‘onada qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu jadvalda «Nasaf», «Navbahor», «Neftchi» , «Paxtakor», «Metallurg» va «Olimpik» klublarida bittadan o‘yin kam. Ushbu jamoalar 4-turda qo‘lga kiritgan ochkolari bilan jadvaldan o‘rin olgan. Bu degani, hali chempionlik uchun karash qizg‘in davom etadi.
Endi, O‘zbekiston Superligasining 6-tur uchrashuvlari 4-7-may kunlari bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA