Bugun, 13 may kuni Ruminiya poytaxti Buxarest shahrida klassik shaxmat bo‘yicha davom etayotgan "Superbet Chess Classic Romania-2025” turnirining 6-tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur turda Abdusattorov qora donalarda fransiyalik Maksim Vashe Lagrav bilan kuch sinashadi. Turnir jadvalida 3 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 2-o‘rinda borayotgan Lagrav bilan o‘tadigan “jang” aytish lozim, hamyurtimiz uchun sovrindorlar qatoridan joy olish yo‘lida muhim sanaladi.

Musobaqada peshqadamlik qilayotgan AQSH vakili Fabiano Karuana hamda 3-o‘rindan joy olgan hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxa hisobida ham 3 ochkodan mavjud.
Turnir jadvalining 7-8-9-pog‘onalarida borayotgan Nodirbek Abdusattorov, polshalik Yan-Kshishtof Duda va hindistonlik jahon chempioni Dommaradju Gukesh 2 ochko bilan kifoyalangan.

"Superbet Chess Classic Romania-2025”ning ortda qolgan 5 ta tur o‘yinlarining birontasida g‘alabaga erishmagan Nodirbek bugungacha 3 ta durang, 1 ta mag‘lubiyat holatida bahslarni davom ettirmoqda.
Mukofot jamg‘armasi 350 ming AQSH dollaridan iborat nufuzli musobaqaning bugun o‘tkaziladigan 6-turida Fabiano Karuana bir kun muqaddam o‘tgan 5-turda Abdusattorov bilan durang o‘ynagan ruminiyalik Bogdan-Daniel Dikka qarshi dona suradi.

9 ta turdan iborat xalqaro turnirda g‘oliblikka erishgan shaxmatchi 100 ming, 2-o‘rinni band etgan ishtirokchi 65 ming, 3-o‘rin sohibi 48 ming AQSH dollari bilan, shuningdek bahslarda qatnashayotgan 9 nafar shaxmatchi egallagan qatoridan kelib chiqib, belgilangan mukofot mablag‘lari bilan taqdirlanadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA