"Super" El‑Nino: qurg‘oqchilik, jazirama va suv toshqinlari(+video)
2026–2027-yillarda sayyoramizda yangi harorat rekordlari kutilmoqda. Bunga Tinch okeanining davriy isishi natijasida yuzaga keladigan El-Ninoning kuchayishi sababchidir. Uning o‘ta kuchli fazasi ("super" El-Nino) qurg‘oqchilik, jazirama va suv toshqinlarini yanada keskinlashtiradi.
Eng kuchli zarba Janubiy va Markaziy Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo hamda Avstraliyaga to‘g‘ri keladi. Markaziy Osiyoda buning ta’siri u qadar yaqqol sezilmaydi, biroq iqlim anomaliyalari bizning mintaqamizni ham chetlab o‘tmaydi.
"O‘zgidromet" ma’lumotlariga ko‘ra, kuchli El-Nino davrida:
- bahorda me’yordan ortiq yog‘ingarchilik kuzatiladi, bu esa sel kelish xavfini jiddiy ravishda oshiradi;
- O‘zbekistonda yozgi jazirama ko‘pincha +40…+42° dan yuqori bo‘ladi, shimoli-g‘arbiy, cho‘l va janubiy hududlarda esa harorat +43…+48° gacha ko‘tariladi;
- qishda harorat iqlim me’yoridan yuqori bo‘lishi mumkin. Barqaror sovuqlar o‘rniga uzoq davom etadigan nam, bulutli ob-havo va kunduzi musbat harorat kuzatiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tarixdagi eng kuchli El-Nino hodisasi 1877–1878-yillarda kuzatilgan bo‘lib, u Hindiston, Xitoy, Braziliya va boshqa mamlakatlarda 50 milliondan ortiq kishining umriga zomin bo‘lgan global ochlikka zamin yaratgan. Bu o‘sha paytdagi sayyora aholisining taxminan 3-4 foizini tashkil etgan. Agar bunday falokat bugungi kunda sodir bo‘lsa, bu kamida 250 million kishining hayotiga teng keladi.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/5lKqLZyGRRQ" title=""Super" El‑Nino: qurg`oqchilik, jazirama va suv toshqinlari " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Iskandar Ismatov (video), O‘zA