Sunnat to‘yi “Uch avlod uchrashuvi”ga ulandi
Buxoro viloyati Kogon tumanidagi “Yangi saroy” tantanalar saroyida tumandagi 23 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 25 nafar ehtiyojmand, boquvchisini yo‘qotgan, “Temir daftar” va “Ayollar daftari” ro‘yxatidagi oilalar farzandlarining sunnat to‘ylari hamda “Uch avlod uchrashuvi” o‘tkazildi.
Tadbirda tuman hokimligi, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, nuroniylar hamda to‘y bolalarning ota-onalari va yaqinlari qatnashdi.

Dastlab tuman hokimi Muhiddin Esanov barchani bayram bilan qutladi. Yurtimizda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, ijtimoiy ro‘yxatdagi fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek to‘y bolalar kelajakda Vatanimiz rivoji uchun xizmat qiladigan komil shaxs bo‘lib kamol topishlari, Vataniga sadoqatli, ziyoli insonlar bo‘lishiga ishonch bildirdi.

So‘ngra bolajonlarga sektor rahbarlari, tuman Xalq qabulxonasi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan sarpo va zar choponlar kiydirildi. Velosipedlar sovg‘a qilindi. Shundan so‘ng tadbirda hozir bo‘lgan nuroniylar el-yurtga tinchlik-xotirjamlik, Vatan obodligi, xalqimiz farovonligini tilab, duoga qo‘l ochdi.

Tadbir fayzli va to‘kin dasturxon atrofida, bir piyola choy ustida davom etdi. Davraga milliy taom osh tortildi. Yig‘ilganlar va bolajonlar sharafiga tuman madaniyat bo‘limi badiiy havaskorlik jamoasi o‘z dasturi va sahna ko‘rinishlari, kuy-qo‘shiq va raqslarini namoyish etdi.
Zarif Komilov, O‘zA