Keyingi paytlarda insonga xos harakatlarni turli xil dasturlar asosida bajarish, ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega ilm-fan texnologiyalari shiddat bilan rivojlanmoqda. Shunday texnologiyalardan biri hisoblanmish sun’iy intellekt yutuqlari bugungi kunga kelib har bir inson kundalik hayotiga kirib ulgurdi.
Ayni chog‘da O‘zbekistonda sun’iy intellekt yutuqlaridan samarali foydalanish bilan bir qatorda, fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini ta’minlash maqsadida undan foydalanish chegaralarini belgilash uchun sohaning huquqiy asoslarini yaratish zarurati mavjud.

Hozirga qadar mamlakatimizda sun’iy intellekt sohasidagi munosabatlar 5 ta tarqoq holdagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinmoqda. Ushbu hujjatlar bilan sun’iy intellekt texnologiyalari sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, ijtimoiy va davlat boshqaruvi kabi sohalarga tatbiq etilishi belgilandi.

Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etildi. Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va sohadagi xalqaro standartlarni mamlakatimiz davlat standartlari sifatida qabul qilish nazarda tutildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassis, ekspertlar va OTM vakillari ishtirokida “Sun’iy intellekt tizimidan foydalanishning huquqiy asoslari: zarur qadamlar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, O‘zbekistonda sun’iy intellekt sohasini tartibga solishda qator kamchiliklar mavjud. Jumladan, sun’iy intellektga oid qonunchilik bazasi sust holatda bo‘lib, ular sun’iy intellekt bilan bog‘liq alohida munosabatlarni tartibga solmoqda va sohadagi munosabatlarni to‘liq qamrab olish imkoniyatini bermayapti.
Mamlakatimizda sun’iy intellekt shiddat bilan rivojlanib borib, unga talab ortayotganiga qaramasdan, sohadagi yagona davlat siyosati, maxsus vakolatli davlat organi faoliyati, sun’iy intellekt texnologiyalariga nisbatan davlat standartlari va ularni qo‘llash mumkin bo‘lgan sohalar yagona qonun hujjati doirasida tartibga solinmagan. Qonunchilikda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash natijasida yuzaga kelgan huquqbuzarlik holatlari uchun javobgarlik belgilanmagan.
Bu esa sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda qanday holatlar huquqbuzarlik hisoblanishi va mazkur huquqbuzarlik holatlari sodir etilganda, asl huquqbuzarni aniqlash va uni javobgarlikka tortish imkonini bermaydi.
Tadbir ishtirokchilari milliy qonunchiligimizdagi ushbu bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida sohani tartibga soluvchi maxsus qonun ishlab chiqish maqsadga muvofiqligini ta’kidladilar. Bunda qator masalalarga e’tibor qaratish zarur bo‘ladi.
Jumladan, “sun’iy intellekt” o‘zi nimaligini aniq ta’rifini berish va undan kelib chiqib sun’iy intellekt tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik yoki jinoiy harakatlar uchun tegishli javobgarlikni belgilash kerak bo‘ladi. Shuningdek, sun’iy intellekt tomonidan qilingan xato va zarar uchun javobgarni, shu jumladan moddiy javobgarni aniqlash, maxfiylik va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish zarur. Sun’iy intellekt qanday ma’lumotlarni to‘plashi, tarqatishi mumkinligini aniq belgilab qo‘yish lozim bo‘ladi. Himoyaga muhtoj ma’lumotlarni qanday himoya qilish zarurligi, sun’iy intellektni rivojlantirish va undan foydalanishda qanday axloqiy tamoyillar ustunlik qilishi kerakligi belgilanishi lozim.
Barcha sohalarda, shu jumladan tibbiyot, moliya, transport va boshqa sohalarda sun’iy intellektdan foydalanishni tartibga solish masalasi, intellektual mulk huquqlari va boshqalar muhokama etildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA