Sun’iy intellekt – zamonaviy texnologiya
Bugungi axborot va raqamlashtirish asrida sun’iy intellekt texnologiyalarini turli soha va yo‘nalishlarda keng qo‘llashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda ham bu borada muayyan sa’y-harakatlar olib borilmoqda.
Shu yil 21 oktyabr kuni Prezidentimiz raisligida davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mazkur yo‘nalishdagi qator vazifalar belgilab berildi.
Avvalo, sun’iy intellekt nima? Sun’iy intellekt – bu kompyuter tizimlari va dasturiy ta’minot yordamida insonning aqliy faoliyatga xos jarayonlarini, jumladan, idrok etish, fikrlash, o‘rganish, qaror qabul qilish va muammolarni hal qilish qobiliyatlarini imitatsiya qilishga qaratilgan fanlararo yo‘nalishdir.
Bugun mazkur texnologiyaning imkoniyatlaridan, qulayliklaridan sohalar kesimida keng foydalanishga ustuvorlik berilayotgani bejiz emas. Zero, sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish hamda aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yaxshilash imkonini beradi. Turli sohalarda samarali natijalarga erishishga xizmat qiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, Prezidentimiz tomonidan sun’iy intellektni rivojlantirishdan tortib, uni turli jabhalarga joriy etish, sohada malakali kadrlar, mutaxassislar tayyorlash masalalarigacha jiddiy e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yili Sun’iy intellektni 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlangani, uning doirasida bir qator vazifalar belgilanib, amaliyotga joriy etilayotgani e’tiborga molik. Ushbu yo‘nalishdashi sa’y-harakatlar natijada bir yil ichida mamlakatimiz sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda 17 pog‘ona yuqorilab, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Bu, albatta, quvonarli holdir.
Shu bilan birga, videoselektor yig‘ilishida endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi, shahar va tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchisi lavozimi kiritilishi belgilangani mazkur yo‘nalishdagi natijalar yanada bardavom bo‘lishiga xizmat qiladi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari barcha sohalar qatori oliy ta’lim sohasida ham ta’lim sifati va samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Uning imkoniyatlari professor-o‘qituvchilar, talabalar, boshqaruv xodimlari va ilmiy tadqiqotchilar uchun yangi sharoit va qulayliklar yaratadi.
Ushbu texnologiyalar talabalarning bilim olish jarayonini individuallashtirish, ularning kuchli va zaif tomonlarini tahlil qilish hamda tezkor fikr-mulohaza berish imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, nutqni aniqlash, avtomatik tarjima, virtual yordamchi dasturlar va intellektual o‘quv platformalari kabi qo‘llanmalar talabalar uchun ta’lim jarayoni yanada oson, qiziqarli va samarali bo‘lishini ta’minlaydi.
Ta’lim jarayonida sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan intellektual o‘quv platformalari talabalarning bilim darajasi, qiziqishlari va o‘rganish uslubini hisobga olib, ular uchun individuallashgan ta’lim imkoniyatini yaratadi. Masalan, birgina chet tillarini o‘rganish jarayonida bu texnologiyalar orqali talabalar nutqni tinglash, talaffuzni mashq qilish, grammatik xatolarni tuzatish va avtomatik tarjimadan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Talaffuzni takomillashtirishda talabaning nutqi yozib olinib, uni ona tilida so‘zlashuvchilarning namunaviy yozuvlari bilan solishtiradi. Bu orqali talaffuzdagi xatolar aniqlanadi va to‘g‘ri variant taklif etiladi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt texnologiyalarini oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatiga joriy etishning ham bir qator jihatlari, ustunliklari bor. Masalan, sun’iy intellekt talabalarning bilim darajasi va salohiyatiga qarab moslashtirilgan o‘quv dasturi va kontentini yaratish orqali individual ta’limni ta’minlashga yordam beradi. Shuningdek, talabalar faoliyatini tahlil qilish, bilim va ko‘nikmalaridagi kamchiliklarni aniqlash va ta’lim natijalarini yaxshilash uchun moslashtirilgan tavsiyalar berishi mumkin.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt texnologiyalari baholash, rejalashtirish va hujjatlarni yuritish kabi ma’muriy vazifalarni avtomatlashtirishi mumkin. Bu esa, o‘z o‘rnida, oliy ta’lim tashkiloti professor-o‘qituvchilari va xodimlarining ish yuklamasini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugun sun’iy intellekt texnologiyalari zamon bilan hamnafas ravishda hayotimizning, ish faoliyatimizning har bir jabhasiga jadallik bilan kirib bormoqda. Uning imkoniyatlaridan samarali foydalanish, sohalar rivojidagi ishtirokini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Soyib Tajibayev,
Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlar markazi
Ta’lim jarayonlarining metodik ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i.
O‘zA