Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida joriy yil 21 fevral kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining yig‘ilishida 2025 yil va kelgusi yillar uchun ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Qo‘shinlarda dronlar va ularga qarshi kurashish, sun’iy intellekt bilan ishlaydigan kibertuzilmalar, robotlashgan texnikalarni qo‘llash va havo hujumidan mudofaa bo‘yicha yangi bo‘linmalarni tashkil etish muhim ekani ta’kidlangan.
Ushbu vazifalarni hayotga tatbiq etish borasida bugungi kunda Milliy gvardiya bo‘linmalari va ta’lim muassasalarida ilmiy izlanishlar va ushbu yo‘nalishlarni o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlar boshlab yuborildi.
Shuni ta’kidlashimiz kerakki, mazkur sohalar rivojida yoshlarning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda Milliy gvardiya "Temurbeklar maktabi"da dronlardan foydalanish va ularning texnik hususiyatlarini o‘rganish borasida to‘garak darslari tashkil etilib, yoshlarga bu borada mutaxassislar tomonidan kerakli bilimlar berilmoqda.
Albatta, yangi sohalar takomillashishda davom etadi. Shu sababdan ularni chuqur o‘rganish va tadqiq etish talab etiladi.
Milliy gvardiya Toshkent mintaqaviy o‘quv markazida "Ob’ektlarni qo‘riqlash tizimida uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qo‘llash istiqbollari, muammolari, ularning yechimini topish usullari va yo‘llari" mavzusida o‘tkazilgan Respublika ilmiy-amaliy seminari ushbu jihatlarni o‘zida qamrab oldi.
Konferensiyada oliy o‘quv muassasalari, mintaqaviy o‘quv markazlari, sohaviy xizmat vakillari va hamkorlikdagi vazirlik bo‘limlaridan 80 ga yaqin respondent o‘z ilmiy maqolalari bilan qatnashgani ham ushbu sohaning dolzarb ekanini ko‘rsatib turibdi.
Ilmiy anjuman davomida qatnashchilar markaz o‘quv honalarida bo‘lib, dronlar ko‘rgazmasida ularning ishlash xususiyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Hozirgi kunda turli mintaqaviy mojarolarda sun’iy intellekt, robot, raketa, dron va ularga qarshi vositalar keng qo‘llanilayotgani xech birimizga sir emas. Shu bois mazkur yo‘nalishda yangi bilimlarni o‘zlashtirish, ularni o‘rganib joriy etish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalardan hisoblanadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/0d6bhOzr3y8?si=pKr03azOrKcg7NJF" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
O‘zA