Sun’iy intellekt xarid jarayonlarini qanchalik samarali boshqara oladi?
Bugun davlat xaridlari tizimida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish ochiqlik hamda samaradorlikni ta’minlashning muhim omiliga aylanmoqda.
Xo‘sh, davlat xaridlarida sun’iy intellektning o‘rni qanday? Mazkur savolga “O‘zenergosotish” aksiyadorlik jamiyati Iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nigora Abdullayeva quyidagicha javob berdi:
– Yodingizda bo‘lsa, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishlar kun tartibida atroflicha muhokama qilinganida hali yurtimiz iqtisodiyoti pandemiya sharoitida edi.
Mana, oradan olti yil o‘tdi. Bu orada iqtisodiyotning barcha soha va yo‘nalishlarga kirib kelganidek, davlat xaridlariga ham yangi dasturlar, innovatsion ishlanmalar kirib kelishga ulgurdi. Ma’lum ma’noda inson omili kamaytirilib, jarayonning ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi.
Bugun esa dunyo iqtisodiyotida davlat xaridlari nafaqat tovar va xizmat sotib olish mexanizmi, balki iqtisodiy xavfsizlik, raqobat muhiti va davlat boshqaruvi samaradorligini belgilaydigan strategik tizim sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, raqamli texnologiyalar jadal rivojlanayotgan hozirgi davrda davlat xaridlarini sun’iy intellekt, katta hajmli ma’lumotlarning tezkor tahlili (Big Data) va avtomatlashtirilgan monitoring mexanizmlarisiz tasavvur qilish tobora qiyinlashmoqda.
Yangi O‘zbekistonda ham davlat xaridlari tizimini raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar davom ettirilmoqda. Elektron tender, onlayn auksion va elektron do‘kon platformalari orqali byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish, inson omilini kamaytirish va korrupsiya xavfini cheklash borasida muhim natijalar kuzatilyapti. Biroq bugungi kunda eng dolzarb masala davlat xaridlarini oddiy elektron tizimdan intellektual boshqaruv tizimiga aylantirish bo‘lib qolayotir.
Mutaxassislarning fikricha, davlat xaridlaridagi asosiy muammo ko‘p hollarda qaror qabul qilish jarayonida emas, balki ma’lumotlarni tahlil qilish va xavfni oldindan prognoz qilish mexanizmi yetarli emasligida namoyon bo‘ladi. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? Keling, buni tahlil qilib ko‘ramiz.
Masalan, ayrim holatlarda bozor narxi sun’iy ravishda oshirilishi, texnik talablarni muayyan ishtirokchi manfaatiga moslashtirish yoki tender ishtirokchilari o‘rtasida yashirin kelishuvlar kuzatilish mumkin. Oddiy elektron platforma bu holatlarni qayd etishi mumkin, ammo ularni tahlil qilib, xavf darajasini oldindan aniqlash uchun intellektual yondashuv talab etiladi.
Shu nuqtai nazardan, davlat xaridlariga “Raqamli risk-indeks” tizimini joriy etish muhim ilmiy va amaliy yangilik bo‘lishi mumkin. Ushbu modelga ko‘ra, har bir tender yoki xarid jarayoni avtomatik ravishda taklif etilgan narxning bozor qiymatiga nisbati, ishtirokchilar soni, g‘olib tashkilotning avvalgi shartnomalari tarixi kabi bir nechta mezonlar asosida baholanadi.
Sun’iy intellekt ushbu ma’lumotlarni tahlil qilib, har bir xarid uchun “ishonch indeksi”ni shakllantirishi mumkin. Agar tizim yuqori xavfni aniqlasa, tender avtomatik ravishda qo‘shimcha monitoring yoki auditga yo‘naltiriladi. Bu esa korrupsiyaviy omillarning oldini olishda mutlaqo yangi bosqichni boshlab beradi. Ayniqsa, elektr energetika tarmog‘ida bunday intellektual tahlil mexanizmlarini joriy etish muhim ahamiyat kasb etadi.
Chunki, mazkur sohada transformatorlar, yuqori kuchlanishli elektr uskunalari, kabel mahsulotlari va yirik infratuzilma ob’ektlari bo‘yicha amalga oshiriladigan xaridlar katta moliyaviy resurslarni talab qiladi. Bunday jarayonlarda hatto kichik iqtisodiy xatolik ham milliardlab mablag‘ yo‘qotilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu sababli, sohada “aqlli xaridlar ekotizimi”ni shakllantirish vaqti keldi. Eng muhimi, bunday yondashuv davlat xaridlarini faqat nazorat qilish vositasi emas, balki strategik boshqaruv mexanizmiga aylantiradi. Natijada byudjet mablag‘laridan tejamkorlik bilan foydalanish, investitsiya samaradorligini oshirish va tadbirkorlar uchun haqiqiy raqobat muhitini shakllantirish imkoni kengayadi.
Iqtisodchilar ta’kidlaganidek, kelajakda davlat xaridlarida g‘olibni faqat eng arzon taklif emas, balki “eng samarali raqamli reyting” belgilashi mumkin. Ya’ni, tizim mahsulot sifati, energiya samaradorligi, xizmat muddati va kompaniyaning ishonch darajasini ham avtomatik hisoblaydi. Bu esa davlat mablag‘larining qisqa muddatli emas, balki uzoq muddatli iqtisodiy samarasini ta’minlaydi.
Muxtasar aytganda, Yangi O‘zbekistonda davlat xaridlari tizimi yangi texnologik bosqichga kirmoqda. Endi asosiy vazifa esa elektron shaklga o‘tish emas, balki intellektual va prognozlashtiruvchi raqamli tizimni shakllantirishdir.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.