Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya — O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining yangi bosqichi
Toshkent shahridagi IT Park majmuasida “O‘zsanoatqurilishbank” (SQB) tashabbusi bilan “Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya: O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining yangi bosqichi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyotning real sektorlariga keng joriy etish, raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish hamda davlat, biznes va ilm-fan o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi. Unda davlat idoralari, moliya institutlari, IT kompaniyalar, tadbirkorlar va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025-yil 6-oktabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ularni iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga keng joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar raqamli iqtisodiyotni shakllantirish, innovatsion yondashuvlarni joriy etish va zamonaviy texnologik infratuzilmani rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Konferensiya doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini moliya, sanoat, qurilish, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor tarmoqlarga joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, infratuzilma va moliyaviy institutlarni raqamli transformatsiya qilish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish hamda davlat boshqaruvi va biznes jarayonlarida ilg‘or texnologiyalardan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda sun’iy intellekt sohasida mamlakatning asosiy drayverlari hisoblangan ilm-fan, davlat va IT-industriya vakillari bir minbarda jamlandi. Ishtirokchilar tomonidan fundamental va amaliy ilm-fanni rivojlantirish, raqamli iqtisodiyotni kengaytirish va IT-infratuzilmani takomillashtirish bo‘yicha aniq taklif va yechimlar ilgari surildi.

Jumladan:
– O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vakili mamlakatda fundamental va amaliy ilm-fanni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini yoritdi;
– Raqamli texnologiyalar vazirligi raqamli iqtisodiyot va sun’iy intellekt infratuzilmasini shakllantirish masalalariga to‘xtaldi;
– Raqamli ta’lim va sun’iy intellektni rivojlantirish markazi AI bo‘yicha kadrlar tayyorlash va ta’lim tizimini transformatsiya qilish yuzasidan fikr bildirdi;
– IT Park Uzbekistan vakili IT-ekotizim, startaplar va eksportga yo‘naltirilgan raqamli bizneslarni rivojlantirish imkoniyatlarini taqdim etdi.
– Qayd etish lozimki, SQB tomonidan sun’iy intellekt asosidagi amaliy yechimlar bosqichma-bosqich joriy etilmoqda, – deydi “O‘zsanoatqurilishbank” ATB Biznes bosh direktori Temur Norov. – Jumladan, ishlab chiqilgan “SQB AI Maslahatchisi” raqamli yechimi fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, biznes tashabbuslarini tahlil qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Mazkur yechim foydalanuvchining individual imkoniyatlari, moliyaviy holati hamda hududiy iqtisodiy sharoitlarni hisobga olgan holda eng maqbul biznes yo‘nalishlarini shakllantiradi. Shu bilan birga, u loyihalarning investitsiya hajmi, rentabellik darajasi va amalga oshirish bosqichlarini aniqlash imkonini beradi. Tizimning bank xizmatlari bilan integratsiyalashgani esa tanlangan loyihalarni tezkor moliyalashtirish va amalga oshirish jarayonini soddalashtiradi. Bu esa tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish uchun mustahkam asos yaratadi.

Konferensiyada ishtirokchilar sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini oshirish, ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish va innovatsion ekotizimni shakllantirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladilar.
O‘zsanoatqurilishbank mazkur yo‘nalishda boshlangan islohotlarni real natijalarga olib chiqish, raqamli iqtisodiyot infratuzilmasini rivojlantirish hamda sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot tarmoqlariga keng joriy etish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.

Shahnoza Mamaturopova, Nishonboy Abduvoitov (surat, video), O‘zA