Prezidentimizning 2024 yil 14 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi doirasida mamlakatda sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni joriy etish, texnik infratuzilmani shakllantirish va iqtisodiyot hamda ijtimoiy sohalarga AI texnologiyalarini keng tatbiq etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan.
Shu maqsadda Raqamli texnologiyalar vazirligi va dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri bo‘lgan NVIDIA kompaniyasi hamkorligida Toshkent shahridagi Inha universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha seminar tashkil etildi.

Seminarning asosiy maqsadi sun’iy intellekt texnologiyalarining biznes sohasida qo‘llanilishi, amaliy tajriba almashish va yangi imkoniyatlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
NVIDIA kompaniyasi bilan hamkorlikda boshlangan amaliy seminar sessiyasi Raqamli texnologiyalar vazirligida davom etdi.

Navbatdagi seminar davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda yirik korxonalarning raqamlashtirishga mas’ul rahbarlari uchun tashkil etildi.
Seminarda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirok etdi. Vazir o‘z nutqida sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish va ulardan samarali foydalanish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari davlat boshqaruvida shaffoflikni oshirish, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida samaradorlikni oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, sun’iy intellektning turli yo‘nalishlari, uning rivojlanish istiqbollari va global tendensiyalar muhokama qilindi. Shu bilan birga, sun’iy intellektning iqtisodiyot, ta’lim va davlat boshqaruvidagi roli ta’kidlandi.

Tadbirda sun’iy intellekt texnologiyalarining xavfsizlik masalalari, axborot ishonchliligi va tartibga solish mexanizmlari haqida ham so‘z yuritildi.
Davlat va biznes sektori vakillari sun’iy intellekt asosidagi loyihalar bo‘yicha o‘z tajribalari, duch kelayotgan muammolar va ularni hal qilish yo‘llari haqida fikr almashdilar.
N.Rahmonova,
O‘zA