
Kechadan beri O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning to‘qqiz tilda so‘zlovchi robot-suxandoni haqidagi yangiligiga munosabat bildirishimni so‘rashyapti.
Inson-jurnalistning davri o‘tdimi; jurnalist kadrlar tayyorlovchi ta’lim muassasalari endi yopiladimi; “ahli qalam” ko‘chada qolmasligi uchun zudlik bilan ularni boshqa kasblarga o‘qitish kurslarini ochish kerakmikan – shu va shu kabi savollar yomg‘iri ostida qoldim, rosti.
Albatta, sun’iy intellekt (SI) yaqin kelajakda juda ko‘p kasblarda inson o‘rnini egallaydi. Biroq, ishonchim komilki, jurnalistika sohasida yana uzoq muddat davomida inson omili ahamiyati va o‘rnini saqlanib qoladi.
SI jurnalistikada insonning o‘rnini bosa olmaydi. Fikrimni asoslash uchun quyidagi o‘nta sababni keltirmoqchiman (ulardan birinchisi mening nazarimda eng muhimidir):
1) Estetik idrok va uslub. Jurnalistika shunchaki axborot yetkazish emas, balki o‘ziga xos uslub va adabiy mahoratdir. Faqat insongina nafaqat ma’lumot beruvchi, balki o‘z uslubi va bayon go‘zalligi bilan ta’sirlantiradigan, ilhomlantiradigan, maftun etadigan, kuldiradigan, o‘ylantiradigan, yig‘latadigan matn va reportajlar yarata oladi.
2) Empatiya va emotsional idrok. Jurnalist inson his-tuyg‘ularni anglash va ifodalash, boshqalarga hamdardlik bildirish hamda o‘zini ularning o‘rniga qo‘ya olish qobiliyatiga ega. Sun’iy intellekt esa bu qobiliyatdan mahrum bo‘lib, murakkab hissiy holatlarni chinakamiga idrok etish yoki uzatish imkoniyatiga ega emas.
3) Etika va axloqiy dilemmalar. Jurnalistlar ko‘pincha axloq me’yorlariga tayanib qaror qabul qilish zarur bo‘lgan murakkab vaziyatlarga duch kelishadi. Sun’iy intellekt esa algoritmlar va ma’lumotlar asosida ishlaydi va inson axloqiy mulohazasini talab qiladigan vaziyatlarda qaror qabul qilishga qiynaladi (hatto ojiz qoladi).
4) Kreativlik va o‘ziga xoslik. Sun’iy intellekt ma’lumotlarni tahlil qilishi va matn yaratishi mumkin, biroq u odam singari haqiqiy original g‘oyani o‘ylab topishga yoki ijodkorlik ko‘rsatishga qodir emas. Jurnalistika insonlarning kuchli tomoni hisoblangan innovatsiyalar va ijodiy yondashuvni talab etadi.
5) Kontekst tahlili, tagma’no (nyuans)larni anglash va tarixiy xotira. Jurnalistlar ko‘pincha bugungi voqealarni tushunish uchun tarixiy tajribadan foydalanadilar. Inson xotirasi va tarixiy kontekstni bilish jurnalistlarga yangiliklarni chuqurroq talqin etish va tahlil qilish imkonini beradi. Jurnalistikada kontekst g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Inson-jurnalist faktlarning talqiniga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan madaniy, ijtimoiy va siyosiy nozikliklarni hisobga olishga qodir. Sun’iy intellekt esa hozircha bunday chuqur kontekstual tahlilni amalga oshira olmaydi.
6) Inson munosabatlarini anglash. Jurnalist faoliyatining muhim qismi manbalar bilan aloqa o‘rnatish, suhbatlar o‘tkazish va ishonch uyg‘otishdan iborat. Inson-jurnalist insoniy munosabatlarni chuqurroq tushunadi va sun’iy intellekt yarata olmaydigan aloqalarni shakllantirish qobiliyatiga ega.
7) Intuitsiya. Inson ichki sezgisi qarorlar qabul qilishda muhim rol o‘ynaydi, shu jumladan jurnalistikada ham. Jurnalistlar nimadir noto‘g‘ri ekanligini ichki sezgi bilan ilg‘ab, qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazishlari mumkin. Sun’iy intellekt esa bunday intuitiv fikrlash qobiliyatiga ega emas.
8) Shubhalanish va o‘zini tahlil etish qobiliyati. Inson-jurnalist o‘z xulosalarini shubha ostiga olishi, nuqtai nazarini qayta ko‘rib chiqishi va xatolaridan saboq chiqarishi mumkin. Sun’iy intellekt esa qat’iy belgilangan algoritmlar asosida ishlaydi va o‘zini tahlil qilish natijasida o‘z qarorlarini shubha ostiga ololmaydi yoki o‘zgartira olmaydi.
9) Moslashuvchanlik. Inson-jurnalistlar kutilmagan, ekstremal vaziyatlar va o‘zgaruvchan sharoitlarga tez moslashishi mumkin, sun’iy intellekt esa oldindan belgilangan algoritmlar bilan cheklangan.
10) Ma’naviy va huquqiy javobgarlik. Jurnalistlar o‘z so‘zlari va harakatlari uchun javobgardirlar. Ular tuhmat yoki yolg‘on ma’lumot uchun yuridik javobgarlikka tortilishlari mumkin. SI hozircha bunday javobgarlikka tortilishi mumkin emas, bu esa uning jurnalistika sohasida qo‘llanilishi haqidagi savollarni keltirib chiqaradi.
Xulosa.
Fikrimcha, “SI jurnalistikada inson o‘rnini bosa oladimi”, degan savol noto‘g‘ri qo‘yilmoqda.
Sababi, men sun’iy intellektni biz, inson-jurnalistlarga raqobatchi sifatida ko‘rmayman.
SI – bizga do‘st, ijodiy emas, kundalik yumushlarni tezroq, samaraliroq va aniqroq bajarishda yordamchi, muhim va kuchli quroldir.
Sherzodxon Qudratxo‘ja,
jurnalist