Sulton Ibrohim – Malayziyaning yangi oliy monarxi
Malayziyaning oliy monarxi etib saylangan Sulton Ibrohim 2024 yil 31 yanvarda vazifasini bajarishga kirishadi, deb xabar tarqatdi “Bernama” agentligi.
Yangi davlat rahbarini saylash jarayoni mamlakat poytaxti Kuala-Lumpurdagi monarx qarorgohi “Istana Negara” saroyida bo‘lib o‘tdi. Avvalroq “New Straits Times” gazetasi amaldagi oliy rahbar Abdulla Rioyatuddin Al-Mustafo Billohning vakolati 2024 yil yanvar oyi oxirigacha tugashi haqida yozgan edi. Billoh 2019 yil 31 yanvardan beri hokimiyat tepasida.
Malayziyada malakat oliy monarxi, asosan, vakillik funksiyasini bajaradi. Konstitutsiyaga ko‘ra, hukumatning har qanday qarori uning nomidan va roziligi bilan qabul qilinishi kerak. Amalda monarx qarorni hukumat yoki parlament tavsiyasi asosida qabul qiladi. So‘nggi yillardagi siyosiy beqarorlik monarxiyani ta’sirchan institutga aylantirdi. 2020-2022 yillarda qirol uch marta hukumat boshlig‘ini tayinladi.
Ushbu davlatda merosxo‘r sultonlarni oliy rahbar lavozimiga almashtirishning noyob tizimi mavjud. Monarx o‘z o‘rinbosari (vitse-qirol) bilan birga to‘qqiz shtat merosxo‘r hukmdorlari orasidan besh yil muddatga (ketma-ket ikkinchi bor saylanish huquqisiz) saylanadi. Nomzod qirollik lavozimi yaratilgan 1957 yilda tuzilgan ro‘yxat bo‘yicha aniqlanadi.