Sug‘urta va elektron tijorat sohasidagi qonunchilik takomillashtirilmoqda
Sug‘urta xizmatlari bozori rivojlanmoqda. Sohaga oid qonun hujjatlarining qabul qilinishi mazkur sohadagi qoidalarning bir xil qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida amaldagi qonun hujjatlaridagi me’yorlarni muvofiqlashtirish zarurligini keltirib chiqarmoqda.
Elektron tijorat sohasi sub’ektlarining faoliyati samaradorligini oshirish, ushbu sohada tartibga solishni kuchaytirish, fuqarolar hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida samarali davlat nazoratini ta’minlash zarurati ortib bormoqda.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun Senat yalpi majlisida muhokama qilindi.
– Qonun bilan sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida vakolatli davlat organining nazorat vazifalari kengaytirilmoqda, – dedi Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev. – Sug‘urta bozorining boshqa professional ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonun bilan elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi joriy etilib, mazkur faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida vakolatli davlat organini xabardor qilmaslik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun bilan sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish orqali sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari va sug‘urta xizmatlari iste’molchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi. Elektron tijorat sohasi takomillashtiriladi, operatorlar faoliyati ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish ta’minlanadi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA