Sug‘urta sohasida iste’molchilar huquqlari himoya qilinadi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida yangi tahrirdagi “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.
Qonun loyihasining asosiy g‘oyasi sug‘urta faoliyatini tartibga solishni yaxshilash, sohada xalqaro standartlarni izchil amalga oshirish orqali huquqiy asosni takomillashtirishga qaratilgan. Shuningdek, loyiha sug‘urta sohasidagi iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi rahbarining ta’kidlashicha, qonun loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad – qonun darajasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri harakat qoidalarini belgilash va sug‘urta faoliyati sohasidagi munosabatlarni boshqarishning yagona mexanizmini yaratishdan iborat.
Tadbirda sug‘urta sohalari, sinflari va turlarini aniqlash, sug‘urta bozorini tartibga solish, sug‘urta (qayta sug‘urta) tashkilotlarini litsenziyalash, tartibga solish xususiyatlari to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, mutaxassislar sug‘urta brokerlari, jismoniy va yuridik shaxslarning sug‘urta bozorida faoliyat sharoitlari va sug‘urta bozorini davlat tomonidan tartibga solish orqali iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasida sug‘urta bozori professional ishtirokchilari (sug‘urta tashkilotlari, sug‘urta brokerlari, adjasterlar, assistanslar, aktuariylar, syurveyerlar)ning huquq va majburiyatlari aniq belgilangan.
Endilikda ixtiyoriy sug‘urta shartnomalarini tuzishda sug‘urta summasidan shartsiz franshizani qo‘llash bir foizgacha, shartli franshizani qo‘llash esa ikki foizgacha yo‘l qo‘yiladi. To‘liq bo‘lmagan mol-mulk sug‘urtasida franshiza qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi. Ishlab chiqilgan qonun loyihasi sug‘urta sohasida tajribadan o‘tgan milliy amaliyot va xalqaro tamoyillarga asoslangani bilan ahamiyatlidir.