Sug‘urta bozorining bugungi holati va istiqbollari
Andijonda sug‘urta bozorini rivojlantirish, sohani raqamlashtirish, aholining sug‘urta, sug‘urta bozori haqidagi bilim va tushunchalarini yuksaltirishga bag‘ishlangan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Andijon mashinasozlik institutida tashkil etilgan tadbirda Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi direktori Kamoliddin Tolipov, sug‘urta kompaniyalari rahbarlari, tadbirkorlar hamda aholi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan sug‘urtaning jamiyat rivoji, inson hayoti, iqtisodiyotdagi ahamiyati, sug‘urta tizimining afzalliklari, sug‘urta bozoridagi jarayonlar, umuman, sug‘urta bozorining bugungi holati va istiqbollari haqida ma’lumotlar berildi.
O‘zbekiston sug‘urta bozorida joriy yilning birinchi yarmida 3,4 milliondan ortiq sug‘urta shartnomalari tuzildi, – deydi Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi direktori Kamoliddin Tolipov. – Shundan 57 foizi transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari tashkil etdi. Mazkur majburiy sug‘urta turi boshqa davlatlar sug‘urta bozorlarida bo‘lganidek, yurtimizda ham eng ommaviy va har bir oilaga kirib borgan sug‘urta turi hisoblanadi.
[gallery-9324]
Shuningdek, tadbirda zamonaviy sug‘urta bozori rivojlanishining muhim omili sohani raqamlashtirish ekanligi, u sug‘urta kompaniyasining biznesi, faoliyati tavsifini hamda sug‘urta xizmatlarini taqdim etish, taqsimlash va foydalanish ko‘rsatkichlarini yuqori bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini oshirishligi alohida qayd etildi.
Jumladan, Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sug‘urta bozorini jadal rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yo‘l xaritasiga asosan, sug‘urta xizmatlarining elektron turlarini taqdim etish tartibi, shu jumladan, elektron polislarni amalga oshirish qoidalari, shuningdek, ularning haqiqiyligini tekshirish mexanizmlari, elektron polislarni amalga oshiruvchi sug‘urtalovchilar bilan tegishli axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish, masofaviy texnologiyalardan foydalangan holda polis egalari tomonidan elektron polislarni autentifikatsiya qilish, tegishli ma’lumotlar bazalari o‘rtasida shartnomalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatik ravishda almashinuvi (E-polislar) tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlandi.
Tadbirda sug‘urta bozorini rivojlantirish, sohani raqamlashtirish borasidagi ishlarni yanada yuqori darajaga ko‘tarish yuzasidan tadbirkorlar, aholi vakillarining taklif, fikr va mulohazalari eshitildi.
Bu kabi targ‘ibot tadbirlari fuqarolarning sug‘urta, sug‘urta bozori haqidagi bilim va tushunchalarini boyitishga xizmat qilishi alohida qayd etildi. Mutasaddi va mutaxassislar mavzu doirasida ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytardi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA