Sug‘orish tarmoqlarida muammo bo‘lmaydi
Bahor kirib kelishi bilan qishloq xo‘jaligida sug‘orish mavsumi boshlanadi. Xo‘sh, viloyatdagi sug‘orish tarmoqlari mavsumga shaymi?
Bizga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida kuzgi-qishki mavsumda magistral va xo‘jaliklararo kanallarda amaliy ishlar rejalashtirilgan bo‘lib, ular deyarli yakuniga yetkazildi. Dehqon va fermerlarga suv berish boshlangan. Boisi qishloq xo‘jaligi ishlari qarab turmaydi. Dehqon uchun o‘tayotgan har bir daqiqa g‘animat. Joylarda g‘allazorlarga birinchi suv quyilmoqda. Shuningdek, chigit ekish uchun mo‘ljallangan dalalarga pushta suvlari olinmoqda.

Aytish joizki, sug‘orish tarmoqlarini tozalash uchun viloyat bo‘yicha jami 57 ta ekskavator jalb etilgan. Shundan, suv xo‘jaligi tizim tashkilotlaridan 18 ta, klaster hisobidan kanal, kollektorlarda 22 ta, pudratchi korxonalar tomonidan 11 ta ekskavator bilan tozalash tadbirlari olib borilgan. Xususan, viloyatning Koson tumani irrigatsiya bo‘limi xodimlari va miroblari tomonidan kuzgi-qishki tadbirlarga alohida e’tibor qaratildi. Qolaversa, klasterlar, fermer, dehqon xo‘jaliklari tomonidan belgilangan tadbirlar bajarilib, sug‘orish tarmog‘i suv ochishga shay holatga keltirildi.

Sug‘orish mavsumini qanday o‘tishi albatta kuzgi-qishki tadbirlarni qay darajada sifatli o‘tganiga uzviy bog‘liq. Jumladan, tumanda 2022-2023 yillar kuzgi-qishki mavsumda 23 kilometr xo‘jaliklararo kanallar, 31 kilometr klaster va fermerlarning ichki sug‘orish tarmog‘ini tozalash rejalashtirilgan. Ayni kunda 50 kilometr sug‘orish tarmoqlari mexanizm bilan hamda 870 kilometrdan ortiq ichki sug‘orish tarmoqlari qo‘l kuchi yordamida (hashar) tozalandi. Tumanda tozalash ishlariga 9 dona ekskavator, suv xo‘jaligi tashkilotlaridan 120 nafar ishchilar hamda klaster va fermerlarning 920 nafardan ortiq ishchilari jalb etilgan. Jumladan, tumanning asosiy sug‘orish tarmog‘i bo‘lgan Pistali kanalining 7,5 kilometr qismi tozalanib, 7654 gektar hamda R-24 kanalining
8,5 kilometr qismi tozalanib 6628 gektar maydonlarni suv ta’minoti yaxshilandi.

Qashqadaryo viloyatida iqtisodiyot tarmoqlari va qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvning 75 foizi Amudaryodan olinadi. Ushbu havzadan Qashqadaryo viloyatiga suv yetkazib beruvchi asosiy kanal Qarshi magistral kanali hisoblanadi. Uning viloyat suv xo‘jaligidagi tutgan o‘rni va ahamiyati katta. 105 kilometr uzunlikdagi mazkur magistral kanal viloyatdagi 5 ta (Nishon, Kasbi, Qarshi, G‘uzor, Koson) tumanlaridagi 218 ming gektar maydonlarni kafolatli suv bilan ta’minlamoqda. Xususan, mazkur kanal orqali hududdagi Amudaryodan olingan suv qiyinchiliklar evaziga takroran M-2, M-3, “Sho‘rtan” nasos stansiyalari orqali G‘uzor, Koson, Qarshi tumanlaridagi suv iste’molchilarining dalasiga yetkazib beriladi.

Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, Amudaryo suvining loyqalik hajmi yuqori bo‘lib, 1 metr kubda 17 kilogrammni tashkil etadi. Bu holatlar o‘z-o‘zidan Qarshi magistral kanalidan suv bilan ta’minlanuvchi boshqa kanallarni tez va qisqa muddatlarda tozalab turish vazifasini yuklaydi. Qarshi magistral kanalida kuzgi-qishki tadbirlar o‘z nihoyasiga yetgan bo‘lishiga qaramasdan, undan suv oluvchi “R-19” kanaliga 2 ta ekskavator jalb etilib kanalning 4,5 kilometr qismi, M-3 kanalining 2,7 kilometr qismi va Kasbi tumanining 70 foiz sug‘oriladigan maydonlarini suv bilan ta’minlovchi Obi-hayot kanalining 3,2 kilometr qismi loyqa va cho‘kindilardan tozalandi.
– Ushbu kanallarda tozalash ishlariga 64 nafar ishchi jalb etilib, ularga qulay mehnat sharoitini yaratish maqsadida kanal atrofida issiq ovqat tashkil etildi, – deydi QMKITB mas’ul xodimi Ilhom Ismoilov. – Qolaversa, ushbu kanallarda suv resurslarini samarali va oqilona boshqarish uchun 23 dona gidrotexnika inshootlari ta’mirlandi, suvni boshqarish jarayonlariga shay holatga keltirildi. Natijada, mazkur kanallarga bog‘liq 32,2 ming gektar sug‘oriladigan maydonlardagi qishloq xo‘jaligi ekinlari va aholi tomorqalariga ishonchli suv ta’minoti yaratildi. Mazkur kanallarning foydali ish koeffitsiyenti 0,65 foizdan 0,67 foizga ko‘tarildi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA.