Sudyalik: layoqat, mas’uliyat va halollik
“Adl aylaki, ul xalq hayoti bo‘lmish, xush ul kishikim, adl sifati bo‘lmish”, deganlar hazrat Alisher Navoiy.
Ya’ni, adolatli bo‘lgin, chunki hayotning bosh mezoni shu, zotan, inson ayni shu sifati (adolatli odil, xolislik) bilan go‘zal, hisoblanadi.
Hazrat bu bilan barcha insonlarni adolatli bo‘lmoqqa da’vat etgan. Ushbu misra esa, birinchi navbatda, sudyalarga taalluqlidir.
Negaki, sudyaning faoliyatiga u qanchalar adolatli ekanidan kelib chiqib baho beriladi, bundan boshqa mezon yo‘q. Zotan, hayotning bosh ma’nosi, taraqqiyotning tayanch nuqtasi adolat hisoblanadi.
“Hukmi elning moli va joniga taalluqli ekan, qozining shiori to‘g‘rilik va adolat bo‘lmog‘i lozim”, deya ta’kidlaydi Navoiy hazratlari “Mahbub ul-qulub” asarida.
So‘ng davom etadiki: “Qozining ko‘ngli din ilmi bilan to‘la, dunyoviy bilimlardan xotiri xabardor bo‘lishi kerak. Xamiri (tabiati)da shaxsiy manfaatga mayl bo‘lmasligi, sof ko‘ngli ikkiyuzlamachilik illatidan xoli bo‘lishi lozim. ... u hukm vaqtida oshnoga ham, begonaga ham bir saviyada qaramog‘i lozim”.

Buning uchun esa davlatimiz rahbari qayd etganidek: “Sudyaning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida – poklik bo‘lishi kerak”.
Bunday talabga javob berish uchun sudyaning professional salohiyati o‘ta yuqori, shaxs sifatida halol-pok, sabr-qanoatli, ilmli, sipo (hilmli), tavozu’li, hamiyatli, rahm-saxovatli, iffatli hamda viqorli bo‘lishi lozim.
Bunday fazilatlarga ega inson, birinchi navbatda, o‘ziga nisbatan adolatli bo‘ladi. Va, tabiiyki, o‘ziga nisbatan adolatli bo‘lgan shaxs hech qachon boshqalarga nisbatan adolatsizlik qilmaydi.
Halollik, poklik, sabr-qanoat insonning eng asosiy fazilatlaridan hisoblanadi. Ayni fazilat rostgo‘ylik, majburiyatga sodiqlik, qilayotgan ishi to‘g‘ri ekaniga qat’iy ishonch, samimiylik kabi axloqiy sifatlarni ham o‘z ichiga oladi.
Halollik insonning qalbi pokligi va ma’naviy dunyoqarashi yetukligi bilan bog‘liq. Halollik sudyaning o‘ziga yuklatilgan vazifaga hamda odamlar taqdiriga bo‘lgan munosabatida ko‘rinadi. Sudya umri va egallab turgan amalining o‘tkinchiligini unutmasligi, o‘z vijdoni oldida hisob berib borishi kerak.
Sudyaning sabr-qanoati uning halolligi belgisidir. Barcha masalalarga shundan kelib chiqib, munosabatda bo‘ladi. Qolaversa, qanoatli, deganda boriga shukr qilib, maoshini halollab yashashi, yurish-turish, hatto kiyinishda zaruriyatdan yuqorisini o‘ziga ravo ko‘rmasligi demakdir.
Sabr-qanoatli bo‘lish uchun sudya kuchli iroda sohibi bo‘lishi kerak. Chunki, irodasiz kishida turli mayllar va boshqalarning ta’siriga berilishga moyillik bo‘ladi. Qolaversa, sudyadagi xolislik kuchli irodaga tayanadi.
Zero, sudya ishni ko‘rishda xolis bo‘lishi, u yoki bu qarorni qabul qilishda shaxsiy adovatga berilishi yoinki biron-bir manfaatni nazarda tutishi aslo mumkin emas. Aks holda, qonuniylik va adolat buzilishiga olib keladi. Insonlarning sudga, adolatga bo‘lgan ishonchiga putur yetadi.
Sudyaning ilmli bo‘lishi deganda uning bevosita vazifasi talab etiladigan huquqiy bilimlari, shuningdek, dunyoviy bilim hamda tajribani tushunish lozim. Zero, birgina qonunlarni mukammal bilishining o‘zi yetarli emas. Gap sudyaning o‘z ichki tuyg‘usi, ma’naviy dunyoqarashidan kelib chiqib, qonunlarni qanday qo‘llashida hamdir.
Shunga ko‘ra, sudya o‘z bilimini, sog‘lom fikr va aqliy salohiyatini oshirib borishi, qonunlarni mukammal o‘zlashtirishi bilan bir qatorda uni to‘g‘ri qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikma-tajriba orttirib borishi, doimiy o‘qib-izlanishi shart.
Sudya o‘ziga yuklatilgan vazifa mas’uliyatini his etgan holda ma’naviyatini boyitish, vijdon va irodani toblash, iymon-e’tiqodni mustahkamlash, bir so‘z bilan aytganda, komillikka erishish borasida ham doimiy ishlashi talab etiladi.
Sudyada mavjud bo‘lishi lozim fazilatlardan yana biri sipolik (hilm) bo‘lib, bu har qanday holatda ham og‘ir-vazmin, bosiqlik va muloyimlik bilan masalaga yondashuvni talab qiladi. Uning tavozu’li, ya’ni kamtar bo‘lishi o‘zidan kattaga – hurmat, kichikka – izzat bilan munosabatda bo‘lib, hargiz o‘zini boshqalardan ustun tutmaslik, demakdir. To‘rt narsa insonga xorlik keltiradi, deyiladi muqaddas manbalarda. Bular: badfe’llik, badqovoqlik, takabburlik va dilozorlik...
Sudyaning hamiyatli bo‘lishi – uning o‘zini tarbiyalab voyaga yetkazgan va vakolat bergan xalqi, shuningdek, o‘zga millatlarning urf-odat va an’analariga hurmat bilan munosabatda bo‘lishida, shuningdek, oilasi va yaqinlariga bo‘lgan munosabati va sadoqatida ifodalanadi. Kishining yaqinlariga bo‘lgan muhabbati – Vataniga bo‘lgan muhabbatini ham ifodalaydi. Sudya fidoyi, elparvar va vatanparvar bo‘lishi lozim.
Rahm, saxovat deganda sudyaning qonunlarni inson manfaati nuqtai nazaridan qo‘llashini, jazo muqarrarligini ta’minlash bilan bir vaqtda, ularda (qonunda) nazarda tutilgan yengilliklarni xolis qo‘llashini, jazoning qilmishga nisbatan og‘ir bo‘lmasligini tushunish lozim. Sud qarorlari qonuniy bo‘lishi bilan birga, asosli va adolatli bo‘lishi shart ekani talabining sababi ham shunda.
Sudyadagi iffat birinchi navbatda yurish-turishi, muomala va kiyinishida ko‘rinadi. Sudya umume’tirof etilgan odob doirasidan chetga chiqmasligi, o‘z nafsini aqlan boshqarishi, uyat va yengiltaklik tuyulgan har qanday ish va harakatlardan o‘zini tiyishi shart.
Viqorli bo‘lish, avvalo, sudyaning o‘ziga ishonchidir. Shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, boshqalarning hurmatini qozonishni o‘z vazifa va burchini talab darajasida amalga oshirish vositasi, deb tushunmog‘i lozim.
Sudyaning adolatli boʻlishi - uning hammani teng koʻrishi, ishdagi taraflarga bir xil munosabatda boʻlishi, ishning haqiqiy holatini aniqlay olishi hamda har qanday holatda masalaga xolis, qonuniy huquqiy baho bera bilishi va masalaga nisbatan yechimi, yaʼni qabul qilgan qarorining nechogʻliq toʻgʻriligi bilan baholanadi. Sudyaning har qanday xarakati, qarori qonunga asoslangan va adolatli boʻlishi shart.
Yuqoridagi sifatlar jamlanmasi sudyaning adolatli ekaniga shubha qoldirmaydi. Zotan, sudyaning har qanday harakati, qarori qonunga asoslangan va adolatli bo‘lishi shart.
Xulosa o‘rnida aytsak, Sitseron ta’kid etganidek, halol odam hakamlik kursisiga o‘tirar ekan, u shaxsiy mayllarini unutadi. Chunki, hakam – gapirayotgan qonun, qonun esa tilsiz hakamdir. Haq gap. Demak, ilgari ham aytganimizdek, sudya har bir ishga yuksak mas’uliyat bilan yondashishi, kerak bo‘lsa, o‘zini sudlanuvchi, jabrlanuvchi yoki javobgar yoinki ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanayotgan shaxs o‘rniga qo‘yib ko‘rishi lozim.
Shundagina yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xatoliklarning oldi olinadi. Qisqasi, davlatimiz rahbari to‘g‘ri ta’kid etganidek, tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik bugungi kunda davlat boshqaruvi organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha insonlar qatori sudyalar faoliyatining ham kundalik qoidasi bo‘lib qolishi zarur.
Xolmo‘min Yodgorov,
Sudyalar oliy kengashi raisi.
O‘zA